Xorazmlik faollar “Orolga madad” xayriya hashari tashkil qildi

10:55 24 Yanvar 2019 Jamiyat
905 0

Foto: "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlari guruhi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston ekologik harakati va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi faollari tomonidan Orolboʻyi hududida oʻrmonzorlar barpo etishga hissa qoʻshish, shuningdek, dolzarb ekologik muammolarni hal qilishga keng jamoatchilikning eʼtiborini qaratish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida “Orolga madad” shiori ostida xayriya hashari oʻtkazildi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, qurigan dengiz tubidan har yili 100 million tonnadan ortiq qum hamda tuz zarralari mintaqaga va yer kurrasining boshqa hududlariga tarqalmoqda. Bu zaharli tuzlar hatto Antarktida sohillariga, Grenlandiya muzliklariga ham yetib bormoqda. Zaharli tuzlarning havoga koʻtarilishini oldini olishning eng maqbul yoʻli qurigan dengiz hududiga saksovul urugʻini ekib oʻrmonzorlar barpo etishdir.

- Oʻtgan yilning may oyida Orolboʻyi mintaqasida, jumladan Xorazm viloyatida roʻy bergan qum va tuz boʻroni ekologik xavfning koʻlami naqadar keng va jiddiyligidan bizni yana bir bor ogohlantirdi,- deydi Oʻzbekiston ekologik harakati Xorazm viloyat boʻlimi rahbari Kamolbek Jumaniyozov. - Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida mintaqadagi ekologik muammolar yechimi haqida toʻxtalib, Orol dengizining suvsiz hududida 2019 yilda 500 ming gektar oʻrmonzor barpo etish boʻyicha topshiriq berib, bu vazifani amalga oshirish mexanizmlarini ham belgilab berdi. Xalqimiz bu tashabbusni yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlab, ushbu ezgu va xayrli ishda faol ishtirok etmoqda. Biz ham Xorazm viloyatining Bogʻot tumanidagi Nayman qishlogʻi aholisi koʻmagida Orolboʻyi hududiga ekish uchun 200 kilogrammga yaqin saksovul urugʻini toʻplab, Moʻynoq tumanida oʻrmonzorlar barpo etish boʻyicha tashkil etilgan shtabga yetkazib berdik.

Foto: "Xalq so'zi"

Mutaxassislarning fikricha,agar saksovullar 3 qator qilib ekilsa qum koʻchishi 30 foizga pasayadi, 7 qator qilib ekilganda esa bu koʻrsatkich 90 foizga yetadi. Sahroda saksovul, qandim, cherkez kabi oʻsimliklardan iborat oʻrmonzorlar barpo etish natijasida hududda oʻziga xos ekotizim paydo boʻlib, iqlim oʻzgarishlarining oldi olinadi.

Foto: "Xalq so'zi"
Foto: "Xalq so'zi"

Moʻynoq tumaniga Xorazm viloyatidan kelgan hasharchilar sahroga saksovul urugʻini ekish boʻyicha oʻtkazilgan ommaviy tadbirda qatnashdilar. Hasharchilar uchun doshqozonlarda osh damlanib, viloyat sanʼat ustalari ijrosida badiiy dastur namoyish etildi.

Foto: "Xalq so'zi"

Eslatib oʻtamiz, Orolboʻyidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslar va saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joylardagi jamoatchilik vakillarining takliflarini inobatga olib Hukumat farmoyishi qabul qilindi. Farmoyishga asosan, 2019 yil 26 yanvar kuni umumxalq ekologik xayriya hashari oʻtkaziladi.

Mazkur xayriya hasharidan tushgan mablagʻlar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya oʻrmonlarini barpo etish, mintaqada ekologik holatni va aholi turmush sharoitini yaxshilash, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish kabi tadbirlarga sarflanadi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?