Xorazmlik 80 yoshli Rahmon bobo uyida kutubxona va muzey tashkil qildi

17:49 20 Iyul 2018 Madaniyat
414 0
Фото: "Халқ сўзи".

Tarix fanlari doktori, professor, xalqaro “Antik dunyo” akademiyasi a’zosi Rahmon Masharipov umr bo‘yi xalqimiz qalbiga ziyo tarqatish, yoshlarga ilm berish bilan mashg‘ul bo‘lib kelmoqda.

Gap shundaki, xorazmlik Rahmon bobo qariyb oltmish yil davomida uyida ajoyib kutubxona va “Tojmahal” deb nomlangan tarix hamda o‘lkashunoslik muzeyini tashkil qildi.

Rahmon bobo bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Odilbek Odamboyevga batafsil so‘zlab berdi. “Yillar davomida to‘plagan boyligim mana shu mo‘jazgina hovli-joyimning teng yarmini egallagan. Ular 12 tilda chop etilgan 10 mingdan ortiq ilmiy, badiiy, tarixiy kitoblar, tarix va etnografiyaga oid mingdan ziyod muzey eksponatlari, noyob fotosuratlardan iboratdir. Uyimning qolgan qismida farzandlarim, nevara-chevaralarim bilan istiqomat qilaman. Muhimi, shaxsiy kutubxonamdan oilam, do‘stu birodarlarim, tanish-bilishlar, mahalladoshlar foydalanib kelishyapti.

Har oy nafaqa puli qo‘limga tegishi bilan yangi kitoblar xarid qilish uchun viloyat markazidagi kitob do‘konlariga boraman. Bu menga odat bo‘lib qolgan. Ammo shu o‘rinda bir kichik muammoni aytib o‘tmasam bo‘lmas. Gap shundaki, to‘plangan qadimiy osori atiqalarning bir qismiga joy yetishmayapti. Shu bois mahalliy hokimlik bino masalasida imkoniyat darajasida ko‘maklashsa, muzey hamda kutubxona faoliyatini yanada kengaytirar edim”, - deydi zavq bilan Rahmon bobo.

Darvoqe, Rahmon bobo ochgan kutubxonaning boshqalaridan farqli yana bir jihati bor: mazkur maskanda dam olish kuni va soati belgilanmagan. Ziyo maskanining eshiklari ilm ahli hamda qiziquvchilar uchun hamisha ochiq.

Фото: "Халқ сўзи".

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?