Xorazmda zaytun yetishtiriladi

17:47 23 May 2019 Jamiyat
594 0

Illyustrativ foto

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida zaytun yetishtirish boʻyicha turkiyalik hamkorlar bilan 60 million dollarlik yirik loyihani amalga oshirishga kirishildi.

Voha bogʻdorchiligida yangi yoʻnalish ochib beradigan mazkur loyiha asosida joriy yilda hududda 1 million tup, keyingi yillarda 4 million tup zaytun koʻchatlari ekiladi.Eʼtiborli jihati, zaytunzorlar barpo etish etish uchun aynan tuproq unumdorligi past boʻlgan ekin maydonlari tanlab olindi.

- Qishloq xoʻjaligida yaxshi samara bermayotgan bunday maydonlarda zaytun yetishtirishni yoʻlga qoʻyish va yaxshi daromad olishimizga ishonamiz,- deydi turkiyalik mutaxassis Durri Burun. - Bir guruh biolog va tuproqshunos olimlar bu yerlarni ilmiy jihatdan puxta oʻrganib, zaytun yetishtirish uchun yetarli sharoit mavjudligi haqida xulosa berishdi.Tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etishimiz tufayli suv taʼminotida ham muammo boʻlmaydi. Keyingi yillarda nihollarning oʻsib rivojlanishi va hosil berishiga qarab zaytun moyi ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalar qurish niyatidamiz. Natijada hudud aholisi uchun yana yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Zaytun mevasidan olinadigan moy aʼlo sifati, shifobaxshligi va uzoq muddat saqlanishi bois jahon bozorida juda xaridorgir hisoblanadi. Loyiha tashabbuskorlari kelgusida zaytun mevasi hamda yogʻini Yevropa va arab davlatlariga eksport qilishni rejalashtirishgan.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?