Xorazmda SCHR xizmatchilari uchun yangi yotoqxona va sanitar tizim foydalanishga topshirildi

15:11 28 Avgust 2020 Jamiyat
182 0

2003-yilda Oʻzbekiston armiyasida yangi harbiy xizmat turi sifatida joriy etilgan Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat ish-joyidan, oʻqishidan uzilmasdan harbiy xizmatni oʻtash imkoni borligi bilan yurtdoshlarimizga manzur boʻlmoqda.

Eng ulugʻ va eng aziz ayyomimiz, Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida yangitdan barpo etilgan 250 oʻrinli askarlar yotoqxonasi hamda bir vaqtning oʻzida 490 kishiga xizmat koʻrsatish qudratiga ega boʻlgan sanitar tizim binolari hamda isitish tizimi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Shovot tuman hokimi Hakimjon Otaxonov, tuman “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi Qadamboy Matsapayev, quruvchilar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar oxirgi yillarda harbiy sohaga eʼtibor koʻpayib borayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat faoliyati bilan shugʻullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani, harbiy obyektlarning qurilishi keng koʻlamda olib borilayotganini eʼtirof etdi.

Tadbir davomida ushbu qurilish ishlarining sifatli bajarilishiga bosh-qosh boʻlgan “Shiddat monolit” hissadorlik kompaniyasi rahbari Temur Norboyev hamda “Shovot taraqqiyot” MCHJ rahbari Nodir Norboyevga harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan minnatdorchilik bildirildi.

Shuningdek, harbiy qismdagi qurilishlar va yangilanishlar qatorida hududdagi yoʻlaklar va saf maydoniga beton yotqizilib, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi.

Taʼkidlash joizki, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli, harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilmagan shaxslar SCHR safiga olinadilar.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oʻn sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha boʻlgan chaqiriluvchilar olinadi va ular maxsus hisob raqamga pul badalini toʻlaganlaridan soʻng oylik harbiy yigʻinlarga jalb etiladi. Oylik yigʻinni oʻtab, Vatanga qasamyod qabul qilganlarga harbiy guvohnoma beriladi.

Mamlakatimiz boʻylab Koronavirus pandemiyasi bilan keskin kurash tufayli joriy etilgan karantin sabab, SCHR xizmatiga chaqiruv vaqtincha toʻxtatilgan edi. Yurtimiz boʻylab epidemiologik vaziyatning barqarorligi inobatga olinib, shu yilning sentyabr oyida navbatdagi chaqiruvga ruxsat berilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?