Xorazmda “Raqs sehri” xalqaro festivali oʻtkazilmoqda(foto)

11:03 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
143 0

Qadimiy va navqiron Xiva yana bir nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida anʼanaviy “Raqs sehri” xalqaro festivali oʻtkazilyapti.

Mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 4-maydagi “2017-2021-yillarda Xiva shahri va Xorazm viloyati sayyohlik salohiyatini kompleks rivojlantirish Dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, vohaga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar orasida boy madaniy merosimizni keng targʻib etish va shu orqali “Art” turizmini rivojlantirishga qaratilgan mazkur sanʼat bayramida dunyoning 20 ga yaqin davlatidan raqs sanʼati ustalari, respublikamizning turli hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan folklor jamoalari ishtirok etyapti.Festival tadbirlarini bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar keng yoritib bormoqda.

Qoʻhna Ark, Juma masjidi va Ota darvoza oldidagi maydon har qachongidan goʻzal va maftunkor qiyofa kasb etgan.Festival doirasida bu yerda “Oʻzbekiston milliy raqs sanʼati” fotokoʻrgazmasi, xalq hunarmandchiligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilindi.Viloyat musiqali drama teatri va Xiva qoʻgʻirchoq teatrining sahna koʻrinishlari, masxarabozlar, dorbozlar tomoshalari, Xorazm nonlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari va mahalliy stilistlar tomonidan tayyorlangan shou dasturlar ishtirokchilarga bir olam zavqu shavq ulashdi.Raqs sanʼati ustalari bilan ijodiy uchrashuvlar,mahorat darslari,sayyor konsert dasturlari uyushtirildi. “Ulli hovli” sayyohlik markazida oʻtkazilgan konferensiya jahon xalqlari raqs sanʼati tarixi va rivojlanish bosqichlari,kelgusi istiqbollari haqida qizgʻin fikr almashuv, munozalarga boy boʻldi.Turli millat vakillari ijrosidagi jozibador raqslar sanʼatning bu turi tarjimon va izohga muhtoj emasligini, u ellarni ellarga,dillarni dillarga bogʻlovchi mustahkam vosita ekanligini yana bir bor isbotladi.

Gayatxri Sharma – festival ishtirokchisi (Hindiston):

– “Raqs sehri” xalqaro festivali – bu mahorat, isteʼdod, goʻzallik bayramidir. Ertakmonand shaharning betakror jozibasi festival shukuhi va tarovatini yanada oshirdi.Eʼtiborli jihati,festivalda ijro etilgan raqslarning har birida oʻsha xalqning milliy tarixi, qadriyatlari oʻz aksini topgan.Biz ham milliy raqs sanʼatimiz namunalarini ijro etib berdik.Yurtingizda hind raqslarini juda katta qiziqish bilan tomosha qilishlari koʻrib nihoyatda toʻlqinlanib ketdim. Kelgusi yil Xivaga, raqs bayramiga yana kelishni niyat qilib qolaman.

Assia Nishel – sayyoh (Fransiya):

–Ertalabdan Ichanqalʼa uzra yangrayotgan oʻynoqi navolarni eshitib kayfiyatimiz koʻtarildi. Milliy liboslardagi yigit va qizlarning raqslarni yuksak mahorat bilan ijro etayotganligini koʻrib qoyil qoldik. Joʻshqin kuy va qoʻshiqlar beixtiyor bizni raqsga chorladi. Soz sehridan toʻlqinlanib men bilan kelgan hamyurtlarim hamda boshqa chet ellik sayyohlar qadimiy bosh kiyim-choʻgirmani kiyib, raqqos va raqqosalarga qoʻshilib oʻyinga tushdik. Bu zamin nafaqat tarixiy obidalari va shirin-shakar mevalari,ajoyib milliy urf-odat hamda anʼanalari,balki betakror sanʼati bilan ham meni maftun etdi.Festival doirasida tashkil etilgan qator koʻrgazmalar va unda aks ettirilgan oʻzbek hunarmandlarining, tasviriy sanʼat ustalarining asarlari menda katta taassurot qoldirdi.

Gavhar Matyoqubova – Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati boʻlinmasi sahnalashtiruvchibaletmeysteri, Oʻzbekiston Xalq artisti:

–Milliy madaniyatimizni dunyoga tanitadigan ushbu sanʼat festi- valining aynan Xorazmda oʻtkazilayotgani bejiz emas.Negaki, bu zamin oʻzining betakror raqs sanʼati, ”Norim-norim”,”Orazibon”,”Bir yuz bir”,”Aliqambar” kabi durdonalari bilan butun jahonda dovruq qozongan.Ayniqsa ilohiy moʻjiza sifatida eʼtirof etiladigan,jonbaxsh “Lazgi” kuyi chalinganda nafaqat keksa-yu yosh yurtdoshlarmiz,balki xorijliklar ham beixtiyor raqsga tushib ketishdi. Ushbu festival yangi isteʼdodlarni izlab topish va kashf etish,milliy madaniyatimizni dunyoga namoyish qilish hamda boshqa xalqlar raqs sanʼati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.Oltmish yilga yaqin ijodiy faoliyatim davomida 90 dan ziyod milliy raqslarni yaratdim.Bugun ushbu nufuzli anjuman sahnasida bu raqslarni shogirdlarim zoʻr mahorat bilan ijro etayotganidan baxtiyorman.

Uch kun davom etadigan sanʼat va nafosat bayrami xalqimiz madaniyatining ildizlari naqadar teranligini yana bir bor jahonga namoyon etadi.Shu bilan birga yosh avlod qalbida oʻzlikni anglash,ajdodlarimizning bebaho maʼnaviy merosiga chin vorislik, azaliy qadriyatlarimizga ehtirom tuygʻularini uygʻotadi.

Odilbek Odamboyev

(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?