Pahlavon Mahmud haqida film suratga olinadi

11:50 09 Sentyabr 2020 Madaniyat
196 0

«Oʻzbekkino» milliy agentligi Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda buyuk mutafakkir, shoir va kurashchi Pahlavon Mahmud haqida “Afsonadagi haqiqat” nomli badiiy filmni suratga olish rejalashtirilmoqda. Polvonlar piri deb nisbat beriladigan, umr boʻyi kurash tushib kuragi yerga tegmagan Pahlavon Mahmud toʻgʻrisida xalq orasida turli afsonalar yuradi. Suratga olinishi rejalashtirilayotgan film ssenariysida ham Piryoyvaliy deya nom qozongan ulugʻ bobokalonimizning mislsiz jasoratlari, boy maʼnaviy merosi ana shunday rivoyatlarga yoʻgʻrilgan taʼsirchan sahna koʻrinishlari orqali ochib beriladi.

Filmning postanovkachi rejissyori Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Hamidulla Hasanov. Hozir suratga olish ishlariga tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda. Film premyerasi 2021-yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyurtmasi asosida Xorazm zaminidan yetishib chiqqan yana bir buyuk ajdodimiz, soʻnggi Xorazmshoh - Jaloliddin Manguberdi haqida koʻp qismli badiiy filmni suratga olish jarayonlari Turkiyada davom etmoqda.

Odilbek Odamboyev,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?