Xorazmda Oʻzbekiston-Qozogʻiston biznes forumi boʻlib oʻtdi

10:34 27 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
571 0
Foto: Odilbek Odamboyev / “Xalq soʻzi”

Qozogʻiston Respublikasining Mangistau viloyati ishbilarmon doiralari vakillari, ilm-fan, madaniyat va sanʼat namoyandalaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan Xorazm viloyati boʻldi. Delegatsiyaga Mangistau viloyati hokimi Yerali Tugjanov rahbarlik qildi.

Tashrif doirasida Urganch shahrida oʻtkazilgan biznes-forumda har ikkala viloyatning qishloq xoʻjaligi, savdo-sotiq, avtomobilsozlik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat, yengil sanoat va boshqa ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish tarmoqlarida faoliyat koʻrsatayotgan yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Forumda qozogʻistonlik ishbilarmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, sarmoya kiritish istiqbollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

– Bugun Oʻzbekiston zaminida yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning dovrugʻi dunyoga tobora kengroq taralmoqda, – deydi “Ata meken” tadbirkorlar hududiy palatasi direktori oʻrinbosari Nurjigit Xayrullayev. – Bizning Mangistau viloyatida ham Xorazmda yetishtirilgan shirin-shakar qovunlar, sarxil meva va sabzavot mahsulotlariga talab katta. Bugun xorazmlik hamkorlarimiz bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining bir necha turlarini eksport qilish boʻyicha kelishuvlarga erishdik.

Biznes-forum doirasida har ikkala viloyatning yirik korxona va tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum va boshqa kelishuvlar imzolandi.

Mangistau viloyati vakillari Xonqa tumanidagi “FEEDGRAN”, Xiva tumanidagi “Xorazm baliq agro”, Shovot tumanidagi “Katqalʼateks”, “UzTEX SHOVOT” masʼuliyati cheklangan jamiyati, ”GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatning Xorazm filialida boʻlib ishlab chiqarish jarayonlari, yangi innovatsion loyihalar bilan tanishdilar.

– Viloyat toʻqimachilik sanoatida joriy qilingan zamonaviy texnologiyalar, eksport salohiyati eʼtiborga molik, – deydi Qozogʻistonlik tadbirkor Bayan Abdullayeva. –Bizning korxonamiz ham tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Koʻrgazma davomida Xorazm viloyatidagi turdosh korxonalar bilan oʻzaro tovar ayirboshlash, savdo-sotiq borasida qator shartnomalar tuzdik.

Foto: Odilbek Odamboyev / “Xalq soʻzi”

Delegatsiya aʼzolari Xivadagi “Nurullaboy” va “Ichanqalʼa” majmualaridagi tarixiy yodgorliklarni,jumladan Pahlavon Mahmud maqbarasi, Juma masjidi hamda boshqa diqqatga sazovor joylarni tomosha qildilar.

– Oʻzbekistonda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish hamda targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻrib nihoyatda toʻlqinlanib ketdik, – deydi “Mangistau” televideniyesi bosh muharriri Gulnur Kaldыbayeva. – Ezgulik va doʻstlik kuychisi Abay ijodida tarannum etilgan umuminsoniy gʻoyalar xalqlarimiz oʻrtasidagi qon-qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Tashrif davomida qadimiy Xivaning necha asrlardan buyon ulugʻvorligi bilan dunyo ahlini hayratga solib kelayotgan meʼmoriy yodgorliklari bilan tanishish imkoniga ega boʻldik. Bu yerdagi har bir obida tarixingiz buyukligi, sanʼatingiz betakrorligidan darak beradi. Umuman Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar tahsinga loyiq.Puxta reja asosida amalga oshirilayotgan ulkan loyihalar Xorazmni dunyo sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishiga shak-shubha yoʻq.Bu goʻzal vohaning betakror manzaralari, tarixiy yodgorliklari va qalbi pok insonlari haqida tayyorlayotgan maxsus koʻrsatuvimiz ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Viloyat musiqali drama teatrida Mangistau va Xorazm viloyati sanʼat ustalari ijrosida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov ishtirok etdi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?