Xorazmda neftsiz bitum ishlab chiqarilmoqda

11:02 06 Fevral 2019 Jamiyat
780 0

Illyustrativ foto

Urganch Davlat universiteti olimlari tomonidan yogʻ-moy sanoati chiqindisi boʻlgan gossipol smolasi asosida jahon standartlariga toʻla mos keladigan, neftsiz qurilish bitumi olishning     mukammal texnologiyasi yaratilgan edi. Ushbu innovatsion yangilikning amaliyotga keng tatbiq qilinishi mazkur qurilish xom ashyosini nafaqat ichki bozorga chiqarish, balki xorijga eksport qilish imkonini bermoqda.

Jahon tajribasida qurilish konstruksiyalarini, fundamentlar va magistral quvurlarni gidroizolyatsiya qilish, korroziya va erroziyadan himoya qilishda bitumdan keng foydalaniladi. Ushbu izolyatsion material asfalt ishlab chiqarishning asosiy xom ashyosi hisoblanadi. Anʼanaviy usulda bitum neftni qayta ishlash orqali olinadi. Urganch davlat universiteti olimlari tomonidan yaratilgan yangi texnologiya esa respublikamizdagi yogʻ-moy korxonalaridan chiqayotgan chiqindini qayta ishlash orqali yuqori sifatli bitum olish imkonini beradi.

– Gossipol smolasi asosida ishlab chiqarilayotgan bitum mahsuloti mamlakatimizning 100 dan ortiq korxonalariga yetkazib berilmoqda, shuningdek Singapur,Chexiya davlatlariga eksport qilinmoqda, – deydi texnika fanlari doktori, professor Maqsud Jumaniyozov. – Hozirgi kunda yangi mahsulotni xarid qilish boʻyicha Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Xitoy kabi xorijiy davlatlardan buyurtmalar tushmoqda.

Mamlakatimizdagi yogʻ-moy korxonalaridan yiliga 15 ming tonna gosssipol smolasi chiqindi sifatida ajratilayotgani hisobga olinsa, shuncha miqdorda bitum ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.Bu esa oʻz navbatida, ushbu mahsulotga boʻlgan taqchillikni bartaraf etadi, mamlakatimizning eksport salohiyatining kengayishiga, valyuta zahiralarining oshishiga olib keladi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?