Xorazmda xalqaro raqs festivali oʻtkazildi

10:17 17 Sentyabr 2018 Madaniyat
1591 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Joriy yilning 14-16 sentyabr kunlari Xiva shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi,Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida “Raqs sehri” xalqaro festivali oʻtkazildi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 4 maydagi “2017-2021 yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish Dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, vohaga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar orasida boy madaniy merosimizni keng targʻib etish va shu orqali “Art” turizmini rivojlantirishga qaratilgan mazkur sanʼat bayramida respublikamizning turli hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan folklor jamoalari, xorijlik raqs sanʼati ustalari, chet ellik mehmonlar ishtirok etdilar.

Foto: “Xalq so‘zi”

Tadbir munosabati bilan bayramona bezatilgan Ichanqalʼaning qadimiy obidalari, maydonlari har qachongidan goʻzal va maftunkor qiyofa kasb etdi.Festival doirasida bu yerda Oʻzbekiston raqs sanʼati fotokoʻrgazmasi,xalq hunarmandchiligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilindi. Xiva qoʻgʻirchoq teatri, masxarabozlar, dorbozlar tomoshalari, turli animatsion shoular,milliy taomlar koʻrgazmasi va raqs liboslari namoyishi ishtirokchilarga bir olam zavqu shavq ulashdi. Raqs sanʼati ustalari bilan ijodiy uchrashuvlar,mahorat darslari, sayyor konsert dasturlari uyushtirildi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Milliy madaniyatimizni dunyoga tanitadigan ushbu sanʼat festivalining aynan Xorazmda oʻtkazilayotgani bejiz emas. Negaki, bu zamin oʻzining betakror raqs sanʼati,”Norim-norim”,”Orazibon”,”Bir yuz bir”,”Aliqambar” kabi durdonalari bilan butun jahonda dovrugʻ qozongan. Ayniqsa ilohiy moʻʼjiza sifatida eʼtirof etiladigan, jonbaxsh “Lazgi” kuyi chalinganda nafaqat keksa-yu yosh yurtdoshlarmiz, balki xorijliklar ham beixtiyor raqsga tushib ketishdi.

Foto: “Xalq so‘zi”

- Oʻzbekistonga tashrifimning ilk kunida shunday ajoyib madaniy tadbirda qatnashayotganimdan juda xursandman,- deydi turkiyalik sayyoh Tuba Dovudoʻgʻli. - Bu zamin nafaqat tarixiy obidalari va shirin-shakar mevalari, ajoyib milliy urf-odat hamda anʼanalari,balki betakror sanʼati bilan ham meni maftun etdi. Soz sehridan toʻlqinlanib men bilan kelgan hamyurtlarim hamda boshqa chet ellik sayyohlar qadimiy bosh kiyim-choʻgirmani kiyib chiroyli milliy liboslardagi raqqos va raqqosalarga qoʻshilib oʻyinga tushdik. Xorazmcha oshni birinchi marta shu yerda tatib koʻrdim.Ushbu yorqin lahzalar aks etgan suratlarni esa faxr bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali doʻstlarimga yubordim.

“Oʻzbek-Turkman doʻstlik uyi”da oʻtkazilgan ilmiy-amaliy anjuman jahon xalqlari raqs sanʼati tarixi va rivojlanish bosqichlari,kelgusi istiqbollari haqida qizgʻin fikr almashuv, munozaralarga boy boʻldi.

- Raqs sanʼati nafaqat tana aʼzolari harakati, balki inson ruhiyati,maʼnaviyati va madaniyati koʻzgusi hamdir,deydi festival ishtirokchisi, yaponiyalik Saye Nagaya. - Raqsdagi har bir harakat tomoshabin qalbiga maʼnaviy ozuqa bera olsagina u chinakam sanʼat darajasiga koʻtarila oladi. Bugungi festivalda turli millat vakillari ijrosidagi jozibador raqslar sanʼatning bu turi tarjimon va izohga muhtoj emasligini, u ellarni ellarga,dillarni dillarga bogʻlovchi mustahkam vosita ekanligini yana bir bor isbotladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamgʻarmasi viloyat boʻlimi,Xorazm Maʼmun akademiyasi tomonidan “Xorazm lazgisi” raqsini jahon nomoddiy madaniy merosi reprezentiv roʻyxatiga kiritish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.Bu esa dillarga joʻshqinlik baxsh etuvchi, Xorazm raqs sanʼatining oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylangan madaniy merosimizning noyob namunasini jahon sahnalaridan munosib joy olishiga xizmat qiladi.

- Ushbu festival yangi isteʼdodlarni izlab topish va kashf etish,milliy madaniyatimizni dunyoga namoyish qilish hamda boshqa xalqlar raqs sanʼati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi,- deydi Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova. - Oltmish yilga yaqin ijodiy faoliyatim davomida 90 dan ziyod milliy raqslarni yaratdim.Bugun ushbu nufuzli anjuman sahnasida bu raqslarni shogirdlarim zoʻr mahorat bilan ijro etayotganidan baxtiyorman.

Qadim Xivada uchinchi bor oʻtkazilayotgan mazkur festival nafaqat yurtimizning,qolaversa, chet ellik sanʼat ixlosmandlarida ham katta qiziqish uygʻotdi.Uch kun davom etgan sanʼat va nafosat bayrami xalqimiz madaniyatining ildizlari naqadar teranligini yana bir bor jahonga namoyon etdi. Shu bilan birga yosh avlod qalbida oʻzlikni anglash,ajdodlarimizning bebaho maʼnaviy merosiga chin vorislik, azaliy qadriyatlarimizga ehtirom tuygʻularini uygʻotdi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?