Xorazmda daromad manbalari yetarli boʻlmagan ayrim oilalarga tegishli yordamlar koʻrsatilmagan

18:20 30 Iyun 2020 Siyosat
66 0

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatining barqarorligini taʼminlash hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Ushbu vazifalar davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlarida oʻz aksini topdi.

Mazkur hujjatlarning joylardagi ijro holati qanday? Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlari hududlarda ayni shu masalalarni oʻrgandi. Xususan, joriy yilning 15-25-iyun kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari A.Haitov boshchiligidagi ishchi guruhi Xorazm viloyatida boʻlib, pandemiya davrida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularga berilayotgan imtiyozlar va yengilliklar hamda aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni tahlil qildi.

2020-yil 29-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining videokonferensiya tarzida tashkil etilgan yigʻilishida deputatlarning Xorazm viloyatida olib borgan oʻrganishi natijalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbirda viloyat hokimi, sektorlar rahbarlari hamda mahalliy Kengash deputatlari masofadan onlayn tarzda ishtirok etdilar.
 

Tadbir avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov koronavirus pandemiyasi sharoitida uning oqibatlarini bartaraf etish, mamlakatda ishchanlik muhiti barqarorligini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli choralar joylarda oʻz natijalarini berayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Qayd etilganidek, Ishchi guruhi aʼzolari jami 390 ta obyektda, jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan 214 ta xonadon, 13 ta dehqon bozori, 32 ta savdo kompleksi va doʻkoni, 27 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 104 ta tadbirkorlik subyektida boʻlib, aholi va tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va yengilliklardan qanday foydalanilayotganligi, karantin talablariga rioya etilish holati bilan bevosita tanishib, suhbatlar oʻtkazishdi.

Viloyat tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholini qoʻllab quvvatlash maqsadida joriy yil 15-martdan 1-iyunga qadar boʻlgan davrda 2561 ta tadbirkorlik subyektining turli loyihalarini moliyalashtirishga 725,3 mlrd. soʻm hamda 7 314 nafar jismoniy shaxsning isteʼmol ehtiyojlari uchun 56,0 mlrd. soʻmlik mikroqarz va onlayn tarzidagi boshqa kreditlar ajratilgan.

Bugungi kungacha 6 636 ta tadbirkorlik subyektining 631,3 mlrd. soʻm, 148 565 nafar jismoniy shaxsning 345,3 mlrd.soʻmlik kreditlar muddatlari 6 oygacha uzaytirib berilgan.

Xorazmda kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan ham amaliy harakatlarga qoʻl urilgan. Viloyatda 519 ta mahallada 508 mingta oila istiqomat qiladi. Shundan kambagʻal oilalar 11920 tani tashkil qiladi. Ularga joriy yilning 15-iyun sanasiga qadar 16 mlrd. 946 mln. 100 ming soʻmlik xayriya yordamlari koʻrsatilgan.

Koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan bemorlar bilan faoliyat olib borayotgan 223 nafar xodimga har 14 kunlik davri uchun maxsus qoʻshimcha toʻlov, infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan 1556 nafar tibbiyot va boshqa xodimlarning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlarning toʻlanishi uchun jami 12,5 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilgan.

Ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan koʻplab ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar hamda eʼtibordan chetda qolayotgan va foydalanilmagan imkoniyatlar ham kuzatildi.

Masalan, respublika boʻyicha kichik sanoat zonalari tashkil etish uchun 400 mlrd. soʻm ajratilishi belgilangan boʻlib, Yangibozor tumanida tashkil etish rejalashtirilgan yangi kichik sanoat zonasida ushbu mablagʻdan tegishlicha foydalanish choralari koʻrilmagan.

Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ayrim sektorlarda chora-tadbirlar puxta oʻrganilmaganligi maʼlum boʻldi. Xususan, ayrim oilalarda daromad manbalari yetarli boʻlmasa-da, tegishli yordamlar koʻrsatilmagan.

Gurlan tumanida joylashgan Qishloq xoʻjaligi vazirligining Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti Xorazm viloyati ilmiy tajriba stansiyasi tasarrufidagi 91,7 gektar yer maydonidan maqsadsiz foydalanib kelinayotganligi, hosildorlik oddiy dehqon xoʻjaliklariga nisbatan pastligi, yangi navlar yaratish, hosildorlikni oshirish boʻyicha tajribalar oʻtkazilmayotganligi maʼlum boʻldi. Bu oʻz navbatida bor imkoniyatlardan foydalanishga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotganini koʻrsatadi.

Kengash yigʻilishida Xorazm viloyati sektorlari rahbarlarining ham axborotlari eshitildi. Xususan, Xorazm viloyati prokurorining taʼkidlashicha, viloyatda sektorlarga boʻlingan holda ish olib borilishi bugun oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Bu, ayniqsa, joylarda Prezident qaror va farmonlari ijrosini taʼminlash, hududlarni kompleks rivojlantirishda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

Muhokamalar davomida ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan deputatlar tomonidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yigʻilish yakunida Oliy majlis Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?