Xorazmda Bahodirlar oʻyini gʻoliblari aniqlandi

10:48 10 Iyun 2019 Sport
376 0

Joriy yilning 7-9-iyun kunlari Xiva shahrida xalqimizning buyuk farzandi, polvonlar piri, deya nom qozongan yengilmas bahodir, shoir va faylasuf Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan “Bahodirlar oʻyinlari” I xalqaro turniri boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xorazm viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Bahodirlar oʻyinlari va tosh koʻtarish federatsiyasi hamda Butunjahon World Strongmen federatsiyasi hamkorligida tashkil qilingan mazkur xalqaro tadbirda dunyoning 14 ta mamlakatidan 20 nafar eng kuchli pahlavonlar qatnashdi.

Ular milliy naqshli ustunlarni koʻtarish va ushlab turish, ogʻir toshlarni ustunlarga oʻrnatish, mevalar bilan toʻldirilgan aravani koʻtarish, 160 tonnalik poyezd lokomotivini 20 metrga tortish, kema langarini koʻtarib yurish va boshqa musobaqalarda asosiy sovrin uchun kuch sinashdilar. Xorijlik sayyohlar va voha ahli ikki kun davomida Xivaning Ichanqalʼa majmuasida oʻtkazilgan musobaqani katta qiziqish bilan kuzatib bordilar.

Turnir yakuniga koʻra ukrainalik pahlavon Pavlo Kordiyako musobaqaning mutlaq gʻolibi deb topildi va bosh sovrin besh ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.Eronlik Rezo Gjayetasi ikkinchi oʻrin sohibi boʻldi.Uchinchi oʻringa Vatanimiz sport sharafini himoya qilgan Sergey Trubitsin va rossiyalik Aleksandr Kuzmin munosib deb topildi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?