Xorazmda AKT taraqqiyoti uchun viloyat hokimligi 21 milliard soʻm yoʻnaltiradigan boʻldi

20:27 01 Aprel 2019 Jamiyat
206 0

Foto: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.

Urganch shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan “Hududlarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishda mahalliy davlat hokimlik organlari bilan hamkorlik munosabatlari” mavzuida respublika seminari uyushtirildi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE”ga vazirlik matbuot xizmatidan xabar berishdi.

Tadbirda AKT sohasida hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish, erishilgan natijalarni tizimdagi korxonalar oʻrtasida keng targʻib qilish, soha xodimlarining kasbiy malakasi va bilim darajasini oshirish masalalari koʻrilmoqda.

Seminarning ochilishida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov soʻzga chiqdi.

— Keng maqsadlarni koʻzlagan mazkur seminar viloyat hokimligi bilan birinchi marotaba oʻtkazilmoqda, — dedi Shuhrat Sodiqov. — Anjuman oʻzaro tajriba almashishga, yangi gʻoyalar tugʻilishiga katta turtki, berishi shubhasiz. Davlatimiz rahbarining tashabbusiga asosan, hududlarda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish maqsadida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil qilinyapti. Shunday markazlar Namangan, Sirdaryo, kuni kecha Buxoro viloyatida ochildi. Xorazm viloyatida 2019-2020 yillar davomida 12 ta ana shunday markaz yaratiladi va ularda 11 mingdan ziyod xorazmlik yoshlar oʻqitiladi, 1061 maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi hamda sogʻliqni saqlash muassasalari yuqori tezlikdagi internetga ulanadi. Mazkur maqsadlar uchun esa qariyb 111 milliard soʻmlik mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov viloyatda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetdan 21 milliard soʻm ajratilishini aytdi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha hamkorlik yanada kuchayishiga tilak bildirdi.

Shundan soʻng, seminar ishtirokchilari TATU Urganch filiali faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Xususan, AKT vaziri hamda Xorazm viloyati hokimi ishtirokida filialda sport majmuasi, Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markazi, 200 oʻrinli talabalar oshxonasi ochildi. Talaba-yoshlar turizm, tibbiyot, tijorat, xavfsiz hudud, “Aqlli uy” singari innovatsion loyihalar taqdimotini oʻtkazishdi. Mutaxassislar AT “Aloqabank” bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan asalarichilik faoliyati haqida soʻzlab berishdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov vazirlik tomonidan TATU Urganch filialining Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markaziga “Damas” avtomobilini sovgʻa qildi.

Vazirlik tomonidan Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda Urganch shahridagi 30-maktabda kompyuter texnologiyalari, robototexnika, kibersport boʻyicha maxsus toʻgarak tashkil etilgan. AKT vaziri hamda viloyat hokimi ushbu toʻgarakda boʻlib, oʻquvchilar bilan suhbatlashishdi, ularga kitoblar sovgʻa qilishdi.

Shuningdek, shu kuni Xiva shahrida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochildi. Tadbirda AKT vaziri hamda Xiva shahar hokimi qatnashdi. Tadbir ishtirokchilari shahardagi Xiva aloqa tarixi muzeyi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Seminar davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?