Xorazmda 12,4 mlrd. soʻmlik soliq qarzlari undirildi

15:53 03 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
692 0

Xorazm viloyati davlat soliq xizmati organlari hamda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida soliq toʻlovchilarning byudjet va davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi soliq qarzdorligini qisqartirish borasida oʻtkazilayotgan qoʻshma tadbirlar mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini kengaytirishga, qoʻshimcha manbalarni aniqlashga xizmat qilmoqda.

Hamkorlikda olib borilgan tadbirlar jarayonida 2249 ta tadbirkorlik subyektlarining soliqlarni oʻz vaqtida toʻlamasdan, faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Shundan 946 tasining mol-mulklari xatlovga olindi. 1854 ta qarzdorlarning 12,4 mlrd. soʻmlik soliq qarzlari davlat foydasiga undirildi. Xususan, Xiva tumanidagi “Xivaneftegazqurilish” korxonasining 317,0 mln. soʻmlik “Solor 210” rusumli ekskavatori va “ISUZU” rusumli avtobusi, Shovot tumanidagi “Shovot mashina traktor parki” MCHJning 111,5 mln. soʻmlik “CASE” rusumli traktori va Urganch tumanidagi “Xudargan Umid” xususiy korxonasining 12,4 mln. soʻmlik soliq qarzi yuzasidan korxonaga qarashli yuk ortuvchi transport vositasi sud hujjatlari asosida qarzdorlik hisobiga xatlandi, deyiladi Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotda.

Davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan boʻlsada, belgilangan normalarga rioya qilmasdan, oʻz manfaatini davlat manfaatidan ustun qoʻyib, yirik soliq qarzdorligining kelib chiqishiga sababchi boʻlayotganlarning ham mavjudligi kishi dilini xijil qiladi. Byudjet va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan soliq qarzi mavjud jami 35,1 mingta qarzdorlarning 79,4 mlrd. soʻmlik, shundan 12,9 mingta yuridik shaxslarning 68,9 mlrd. soʻmlik, 8,0 mingta jismoniy shaxslarning 4,5 mlrd. soʻmlik, 14,2 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlarning 6,0 mlrd. soʻmlik qarzdorligi mavjud. Amaldagi qonunchilik talablarini qoʻpol ravishda buzib, soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etgan 660 nafar shaxsga nisbatan 63,4 million soʻm maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

Oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar davomida toʻgʻri xulosa chiqarib, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etgan hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplagan 113 nafar tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar maʼmuriy javobgarlikdan ozod etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?