Xorazm kunjutlariga Turkiyada talab ortmoqda

09:50 24 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
285 0

Zaminimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga xorijda talab katta. Xususan, kunjut keyingi paytda xaridorgir mahsulotlar qatoridan joy olmoqda. Birgina Xorazm viloyatidagi “Splash Urganch” hamda “Splash Agro Food” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida Turkiyaga 87 ming AQSH dollarilik kunjut va kunjut mahsulotlari eksport qilingani buning yaqqol dalilidir.

“Shu yilning avgust-oktyabr oylari davomida turkiyalik hamkorlar bilan 200 ming AQSH dollaridan ortiq eksport shartnomalari tuzishga erishdik. Bunda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qoʻllab-quvvatlash Xorazm filiali tomonidan tashqi bozorlarini oʻrganish, xorijiy hamkorlar topish boʻyicha koʻrsatgan marketing tadqiqotlari hamda aylanma mablagʻlar uchun koʻrsatgan moliyaviy koʻmagi katta madad boʻldi“, - deydi tadbirkor Ruslan Qalandarov.

“Xususiy sektor vakillarining jahon bozoridan munosib oʻrin egallashiga amaliy yordam berish maqsadida jamgʻarma faoliyati zamon talablariga mos ravishda takomillashtirib borilmoqda. Maqsadimiz bitta, u ham boʻlsa, yurtimiz eksport salohiyatini yuksaltirish va shu orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshishdir“, – deydi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Xorazm filiali direktori Otabek Atamuratov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?