Xonobod harbiy aerodromi sharafiga ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etildi

13:27 21 Iyun 2019 Jamiyat
291 0

Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromining 70 yilligi munosabati bilan musaffo osmon ostidagi ochiq muzey tashkil etildi.

Bu yil ushbu aerodromda 10329-sonli harbiy qism tashkil etilganligiga 70 yil toʻldi. 1949-yilda ish boshlagan aerodromdan shu paytga qadar qanchadan qancha samolyot koʻkka koʻtarilganligini hech kim hisoblab chiqolmasa kerak.

Qarshi shahri yaqinida joylashgan ushbu aerodromda keyingi yillarda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlarini yanada takomillashtirish, harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirish, aviatsiya hamkorligidagi dala-oʻquv mashgʻulotlarini real vaziyatlarga yaqinlashtirgan holda olib borish va uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish boʻyicha bir qancha samarali tadbirlar amalga oshirildi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safari davomida Xonobod harbiy aerodromiga tashrif buyurib, harbiy uchuvchilar bilan muloqot oʻtkazgan edi. Ayni paytda bu yerdagi harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Harbiy aerodromda tashkil etilgan besh turdagi jangovor samolyotlar va markazda uchuvchining ramziy haykalini oʻz ichiga olgan musaffo osmon ostidagi ochiq muzeyining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi, harbiy - maʼmuriy sektor rahbari Zafar Ruziyev,Rossiyalik mehmonlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Aerodromda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugidagi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qism uchuvchilari tomonidan amaliy parvoz mashqlari oʻtkazildi. Mashgʻulotlarda yuqori tajribaga ega boʻlgan mahoratli uchuvchilar milliy armiyamiz jangovar shayligi va qudratini oshirishga, samo sarhadlarimiz musaffoligini taʼminlashga doim jangovar shay holatda ekanligini namoyish etishdi.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Global Firepower ekspertlari oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, Oʻzbekiston armiyasi dunyoning eng kuchli 50 armiyasi roʻyxatiga kiritilgan va Markaziy Osiyodagi harbiy qudrati eng yuqori davlat hisoblanadi.

Tadbir doirasida Qashqadaryoning oʻziga xos jihatlari aks ettirilgan koʻrgazmalar va kitob yarmarkalari, badiiy jamoalar hamda voha sanʼatkorlari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.

A. Muhammadiyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?