XMT vakili Cotton Campaign koalitsiyasining Oʻzbekistonga nisbatan paxta boykotini asossiz deb atadi

16:32 15 Aprel 2019 Jamiyat
169 0

Illyustrativ foto

Xalqaro mehnat tashkilotining Vashingtondagi ofisi direktori Kevin Kassidi Cotton Campaign koalitsiyasining Oʻzbekistonga nisbatan paxta boykotini asossiz deb atadi.

Uning bu haqdagi fikri “Oʻzbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “Tahlilnoma” dasturida berildi.

“Oʻzbekiston majburiy mehnatni yoʻq qilish bilan bogʻliq qiyinchiliklar bosqichini ortda qoldirdi, keyingi bosqich – barqaror iqtisodiy rivojlanish. Endi diqqat-eʼtiborni majburiy mehnat muammosidan savdo-investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish va Oʻzbekiston fuqarolari bandligini taʼminlash masalasi tomon qaratish kerak. Oʻzbekiston agrar sektorini keng miqyosda xususiylashtirish va mexanizatsiyalashtirish jarayonlari sharoitida Amerika kompaniyalarining bunga jalb etilishining kengayiishi Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi “paxta boykoti” naqadar asossiz ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi”, - deya taʼkidlagan Kassidi. — Binobarin, Oʻzbekistonda majburiy mehnatni toʻliq toʻxtatish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida yanada faol axborot kampaniyasini olib borish va bularni xalqaro biznes jamoatchilikkacha keng yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi”.

Eslatib oʻtamiz, shu yil fevral oyida Bosh vazir oʻrinbosari Tanzila Norboyeva rahbarligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlariga nisbatan boykot tashabbuskori boʻlgan Cotton Campaign koalsiyasining har yillik yigʻilishida ishtirok etgandi.

Uchrashuvda toʻqimachilik riteylerlari va brendlari boykot muddatsiz emasligi va u oʻzgarishlar hamda tuzilmaviy islohotlar surʼatlari saqlanib qolganda toʻliq qayta koʻrib chiqilishi mumkinligi bildirishgandi. Shu maʼnoda koalitsiya vakillari 2019 yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida sezilarli oʻsishga erishish muhim ahamiyat kasb etishiga urgʻu berishdi.

Umuman olganda, Cotton Campaign koalitsiyasi ikki tomonlama muloqot konstruktiv tarzda kechganini eʼtirof etib, ochiq muloqot va oʻzaro samarali aloqalar kelajakda ham davom etishiga umid bildirdi.

“Muhokamalarimiz sermazmun, konstruktiv va ijobiy kechdi. Unda yaqinda erishilgan sezilarli oʻsish bilan birgalikda hal qilinishi lozim boʻlgan muammolarga ham toʻxtalib oʻtildi”, - degandi Cotton Campaign asoschisi Bennet Friman oʻshanda. 

Maʼlumot uchun, Cotton Campaign xalqaro tashkilot boʻlib, uning asosiy maqsadi paxta ishlab chiqarishda bolalar va majburiy mehnatni yoʻq qilishga qaratilgan. Uning faoliyati sharofati bilan Yevropa hamda AQSHdagi koʻplab yetakchi brendlar, kompaniyalar bolalar va majburiy mehnat faktlari mavjud boʻlgani uchun oʻzbek paxtasi hamda toʻqimachilik mahsulotlarini xarid qilishdan voz kechgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?