XXRda turmush oʻrtogʻining zugʻumiga uchrayotgan oʻnlab hamyurtlarimiz mavjud

13:49 11 Aprel 2019 Jamiyat
547 0

Illyustrativ foto

Xitoyda yashayotgan va erkinligi turmush oʻrtogʻi tomonidan cheklanayotganini eʼlon qilgan Oʻzbekiston fuqarosi Shodiyona Davlatova toʻgʻrisida OAVda paydo boʻlgan materiallar yuzasidan TIV Konsullik-huquqiy departamenti maʼlum qiladiki, mazkur vaziyat mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasi konsullik boʻlimi tomonidan nazoratga olingan. Bu haqda TIV maʼlum qildi.

Ushbu hamyurtimiz oʻtgan yili aprel oyida Andijon shahrida Xitoy fuqarosi bilan qonuniy nikohdan oʻtgan hamda doimiy yashash uchun XXRga uchib ketgan. Tez orada ichki oilaviy nizolar tufayli Elchixona koʻmagida vatanga qaytgan. Lekin keyinroq oʻz xohishiga koʻra yana turmush oʻrtogʻining yoniga joʻnab ketgan. 31 mart kuni Sh.Davlatova Elchixonaga qayta murojaat qilgan va yashash sharoitlari va turmush oʻrtogʻi tomonidan zulm qilinayotgani toʻgʻrisida shikoyat qilgan hamda Oʻzbekistonga qaytish istagini maʼlum qilgan.

Oilaviy kelishmovchiliklar va turmush oʻrtogʻi tomonidan berilgan vaʼdalarning bajarilmasligi tufayli shunday iltimos bilan Oʻzbekiston fuqarosi M.T. ham Elchixonaga murojaat qilgan. M.T. vositachi firma orqali xorijlik bilan tanishgan va oʻtgan yilning dekabr oyida nikohni rasmiylashtirib Xitoyga ketgan.

Shu munosabat bilan Elchixona Xitoyning tegishli hukumat organlari bilan birgalikda mazkur hamyurtlarimizni Toshkentga qaytishiga yordam berish boʻyicha tegishli choralarni koʻrmoqda.

Oʻzbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi maʼlumotlariga koʻra ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasida xuddi shunday holatga tushgan oʻnlab fuqarolarimiz mavjud. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonasi tomonidan ularning shaxsini aniqlash va konsullik yordami koʻrsatish boʻyicha tegishli ishlar tashkillashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?