Xizmat burchini oʻtash vaqtida halok boʻlgan qahramonlarning oila aʼzolari madaniy sayohat uchun Xitoyga yuborildi

15:43 28 Avgust 2018 Jamiyat
243 0

Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami arafasida xizmat vazifasini oʻtash vaqtida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning bir guruh oila aʼzolari madaniy hordiq chiqarish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga yoʻl olishdi. Sayohatchilarni kuzatish marosimi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Azizbek Ikramov hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan mustaqillik yillarida Vatan tinchligi yoʻlida fidoiylik koʻrsatib, xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirish hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu qaror ijrosini taʼminlash doirasida Qurolli Kuchlarimizda xizmat burchini oʻtash chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari 10 kun davomida Xitoy Xalq Respublikasining diqqatga sazovor joylariga sayohat qiladilar.

“Oʻgʻlim Shuhratbek Sobirov 2000 yili yurtimizning janubiy hududlariga suqilib kirgan bir guruh terrorchilar bilan boʻlgan toʻqnashuvda qahramonlarcha halok boʻldi. Oʻgʻlim 25 yoshida Oʻzbekiston xalqini himoya qilib, barchaga oʻrnak boʻldi. Men u bilan umrbod faxrlanaman. Oʻzbekiston Prezidentining eʼtiborlari sabab, bugun biz Xitoy davlatiga sayohatga ketyapmiz. Bunday ragʻbatdan boshimiz koʻkka yetdi...”, – deydi Andijon viloyatidan kelgan Sotqinboy Sobirov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?