Xizmat burchini bajarish chog‘ida haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan harbiy haqida

10:25 30 May 2018 Jamiyat
237 0
Kadr: Sevimli TV/O‘zbekiston 24

“Qahramonlar — oramizda yashaydi” degan gap bejiz aytilmagan. Bunday insonlar, qaysi sohada bo‘lmasin, nom yoki shuhrat qozonish uchun emas, balki o‘z ishini chin yurakdan, fidoyilarcha qiladilarki, ularning ana shu ezgu amali, jasorati ko‘pchilik uchun chinakam ibratga aylanadi.

Bundan bir necha kun oldin Surxondaryo viloyatida ro‘y bergan tabiiy ofat — kuchli toshqin paytida xizmat burchini ado etish va odamlar hayotini saqlab qolishda Shoxruxbek O‘razoliyev ham haqiqiy qahramonlik ko‘rsatib, afsuski, halok bo‘ldi. Bu xabar yurtdoshlarimizni, xususan, jizzaxliklarni chuqur qayg‘uga soldi. Ammo bir jihat ko‘ngilga taskin beradi. Shoxruxbek ahdiga sodiq qolib, o‘zgalar omonligi yo‘lida jonini fido qildi. Uning mardligi hech qachon unutilmaydi.

Bugun yurtimizda voyaga yetayotgan har bir o‘g‘lon milliy armiyamiz safida xizmat qilishni, harbiy libos kiyib, shu sohada faoliyat yuritishni istaydi. Binobarin, armiya yigitning dunyoqarashini kengaytiradi, bilimini oshirib, jismonan chiniqtiradi, mardlik fazilatlarini mustahkamlaydi. Vatanga sodiqlik, mehr-muhabbat tuyg‘ularini yuksaltiradi.

Endigina 24 yoshni qarshilayotgan Shoxruxbek ham ana shunday jasur o‘g‘lonlardan edi. U 1994 yilda Baxmal tumanidagi Olmazor qishlog‘ida tug‘ildi. Bolaligidanoq harbiy sohaga qiziqishi ortib, maqsadiga erishish yo‘lida qat’iy intildi. Sport bilan muntazam shug‘ullandi. Qat’iyatli, irodali, baquvvat va sog‘lom bo‘lib ulg‘aydi.

Tumandagi 50-umumta’lim maktabini bitirgach, uning dilidagi yuksak orzusi ro‘yobga chiqdi. Shoxruxbek 2014 yilda DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda xizmat faoliyatini boshladi. Berilgan topshiriqlarni har doim a’lo darajada bajarib kelardi. Har qanday sharoitda xizmat burchini haqiqiy harbiylarga xos temir intizom, qat’iyat, matonat bilan ado etib, boshqalarga ibrat bo‘ldi.

Shoxruxbek harbiy sohaga astoydil mehr qo‘ygani uchun muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, shartnoma asosida xizmatni davom ettirayotgandi. U xizmatdagi erishgan muvaffaqiyatlari uchun bir necha bor qism rahbariyatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

— Inson hayotda necha yil umr ko‘rgani bilan emas, elu yurtga tekkan nafi, jamiyatga keltirgan foydasi, atrofdagilarga ko‘rsatgan yaxshiliklari bilan baholanar ekan, — deydi marhum Shoxruxbek O‘razoliyevning onasi Shoira Hamroyeva. 

— Har bir odam tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetishi kerak ekan. Sel ham bir ofat. Uning oldida inson ojiz. Shu ojizlikni yengib o‘tib, yordamga muhtojlarni qutqargan, buning uchun jonini fido qilgan o‘g‘limdan mingdan-ming roziman. U bilan faxrlanaman.

Prezidentimiz joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida shunday degan edi: “Hech shubhasiz, Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir”.

Marhum Shoxruxbek O‘razoliyevning ham ko‘rsatgan qahramonligi davlatimiz tomonidan e’tirof etildi. U Prezidentimiz Farmoniga asosan, “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. 
Yurtimiz tinchligi, xalqimizning farovon yashashi uchun jonini fido qilgan insonlar yodi hech qachon unutilmaydi.

Tolibjon ERGASHЕV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?