Xivaliklarning azaliy orzusi ushaldi

09:57 05 Dekabr 2018 Jamiyat
628 0

Qadimiy kentda barpo etilgan zamonaviy vokzalga birinchi yoʻlovchi poyezdi yetib keldi.

Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonchilik ishlari tufayli qadimiy Xiva shahri beqiyos chiroy ochib, zamonaviykentga aylanmoqda. Natijada aholiga hamda sayyohlarga katta qulaylik yaratilyapti. Ana shunday eʼtiborga molik yangilanishlardan biri transport infratuzilmasi bilan bevosita bogʻliq.

Kuni kecha Toshkent-Janubiy vokzalidan yoʻlga chiqqan yoʻlovchi poyezdi Xiva temir yoʻl vokzaliga kirib keldi. Bu tarixiy voqea, aytish joizki, barchaga cheksiz quvonch, unutilmas lahzalarni baxsh etdi. Dastlabki yoʻlovchilarni Xorazm viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar tantanali kutib olishdi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli shoir-yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, jurnalistlar qatnashgan tadbirdasoʻnggi yillarda yurtimizda bu kabi ezgu ishlar koʻlami tobora kengayayotgani faxr-iftixor bilan aytib oʻtildi. Binobarin, qadimiy Xivaga poyezd kelishi Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar.

Maʼlumki, Prezidentimiz 2017 yil yanvar oyida Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida Urganchdan Xivagacha temir yoʻl va Xiva shahrida zamonaviy vokzal qurish, sayyohlar uchun qulay transport xizmatini yoʻlga qoʻyish maqsadida poyezdlar qatnovini tashkil etish yuzasidan topshiriq bergan edi. Qisqa vaqt oraligʻida bu ezgu tashabbus roʻyobga chiqdi. Umumiy qiymati 35,9 million AQSH dollarilik mazkur loyiha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi.

Temir yoʻlchilar tomonidan Urganchdan Xiva shahrigacha 30 kilometrdan ziyod yangi temir yoʻl yotqizildi. Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo qilindi. Vokzal binosining tashqi qiyofasi Xorazm meʼmorchiligi namunalarini oʻzida aks ettirganligi bilan juda jozibali koʻrinadi. Uning old tarafida musiqiy favvora bunyod qilingan. VIP-zal, ona va bola, tibbiyot xonalarida barcha qulaylik mavjud. Vokzalda 35 nafar ishchi bir vaqtning oʻzida 200 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi. Bu yerda 20 oʻrinli mehmonxona ham bor.

Tadbirda mehmonlar vokzaldagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Loyihaning keyingi bosqichida Xivaga zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida oraliq masofani bosib oʻtish vaqti ikki barobardan koʻproqqa qisqaradi. Yaʼni yoʻlovchilar Xivadan Toshkentga 6-6,5 soatda yetib borishadi.

Taniqli sanʼatkorlar va yosh isteʼdodlar tomonidan ijro qilingan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat hadya etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari O. Ramatov, Xorazm viloyati hokimi F. Ermanov soʻzga chiqdi.

Poyezdning ilk yoʻlovchilari taassuroti qanday?

Elyor NOSIROV, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti:
— Koʻp yillardan buyon Xorazmda boʻlmagandim. Xiva shahrida vokzal binosi ochilishi tantanalarida ishtirok etish uchun poytaxtdandavlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalarining bir guruhiToshkent — Xiva yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdida keldik. Undagi sharoit qulayligi sabab vaqt qanday oʻtganini ham sezmay qoldik. Shaharda vokzal binosi bunyod etilishi barobarida, uning atrofida obodonlashtirish va qurilish ishlari amalga oshirilibdi. Bularga faqat qoyil, deyish mumkin.

Gavharjon IBODULLAYEVA, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyati boʻlimi rahbari:
— Bugun butun xalqimiz, xususan, xivaliklar uchun katta bayram, unutilmas kun, tarixiy voqea boʻldi. Xivaga poyezd qatnovining yoʻlga qoʻyilishi va zamonaviy vokzal binosining foydalanishga topshirilishi mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi arafasida chinakam tuhfa boʻldi, desak, mubolagʻa emas.

Ushbu tantanada ishtirok etib, ulkan bunyodkorlik ishlarini koʻrib, hayajonlandim. Mustaqillik sharofati, davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlab amalga oshirayotgan oqilona siyosatining inʼikosi boʻlgan bu muhtasham binoga qarab koʻz toʻymaydi.

Juliyet XILTZЕR, sayyoh (Fransiya):
— Qadimiy Xivaga turmush oʻrtogʻim va qizlarim bilan birgalikda sayohatga yoʻl olgandik. Buni qarangki, safarimiz Urganch va Xiva shaharlari orasidagi temir yoʻl liniyasi hamda Xiva shahrida zamonaviy vokzal binosi foydalanishga topshiriladigan tarixiy sanaga toʻgʻri kelibdi. Mazkur yoʻnalishda harakatlanadigan poyezdning ilk yoʻlovchilari boʻlganimizdan mamnunmiz.

Butun yoʻl davomida poyezd xizmatchilari bizga sifatli servis xizmatlari koʻrsatishdi. Ayniqsa, tantanali ochilish marosimidagi milliy kuy-qoʻshiqlar, jozibador raqslar, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari qalbimizda bir umrga muhrlanib qoladi.

Nodir OTAJONOV, mehnat faxriysi:
— Tarixdan maʼlumki, Feruz taxallusi bilan ijod qilgan Muhammad Rahimxon bundan 130 yil oldin shaharga temir yoʻl keltirishga koʻp bor urinib koʻrgan, ammo orzusiga yetmagan. Bu xivaliklar uchun armon boʻlib kelayotgan edi. Mazkur umidlar Prezidentimiz tashabbusi bilan qisqa muddatda amalga oshdi. Temir yoʻl nafaqat xorijlik sayyohlar, balki mahalliy aholi uchun ham qulaylik yaratishi barobarida, milliy transport-kommunikatsiya sohasidagi islohotlarning amaliy samaralarini tasdiqlab berdi.
Odilbek ODAMBOYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?