Xivada “Qovun sayli – 2019” festivali boʻlib oʻtmoqda

11:10 15 Avgust 2019 Jamiyat
174 0

Har yili mustaqillik bayrami arafasida Xorazmda anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Qovun sayli” tadbiriga viloyat dehqon va fermer xoʻjaliklari, davlat hamda jamoat tashkilotlari tomonidan katta tayyorgarlik koʻrildi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Azaldan oltin voha sanalgan Xorazmning mirishkor dehqonlari tomonidan yetishtirilayotgan, dunyoga dongʻi ketgan, mazasi tilni yoradigan har xil navdagi qovunlar va poliz ekinlari mazasi bilan Sharqning gavhari sanalgan Xiva shahriga tashrif buyurgan mehmonlarni va mahalliy aholini birday bahramand qilayotir.

“Gurvak – Xorazm qovunchiligining ramzi” savdo koʻrgazmasi xalqimizning oʻziga xos dehqonchilik maktabi, dunyoga mashhur qovunlarimiz, Xorazm dehqonining, umuman xorazmliklarning nozik didi, malakasi va mehmondoʻstligining namoyishidir.

Xorazm qovunchiligini keng targʻib qilish va bu orqali mahalliy hamda xorijiy sayyohlar eʼtiborini jalb etish maqsadida Xiva shahrida har yili ayni qovun pishigʻida anʼanaviy tarzda qovun sayli tashkil qilinadi. Ushbu festival hududga sayyohlar oqimini oshirish, vohaning qadimiy polizchilik tajribasini, shirin-shakar poliz va bogʻdorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng ommalashtirishga xizmat qiladi.

– Toʻgʻrisini aytsam, shu paytgacha dunyoning koʻpgina davlatlarida boʻlib qovunning shuncha turi borligini bilmagan va barchasini bir joyning oʻzida tanovul qilmaganman, – deydi germaniyalik sayyoh Dominik Quosdorf. – Xivaga sayohatim jarayonida shunday bayramda ishtirok etayotganimdan juda baxtiyorman. Har bir qovunning mazasi oʻziga xos. Ayrimlari juda shirin. Bu taʼmlar va bu yerdagi koʻrinish, mezbonlarning mehmondoʻstligi bir umr yodimda qolsa kerak.

Xorazm qovunchiligini keng targʻib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlarni eʼtiborini qaratish va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida oʻtkazilayotgan mazkur tadbir doirasida poliz ekinlari va turli bogʻ mevalarining yangi uzilgan, quritilgan va qayta ishlangan koʻrinishdagi mahsulotlaridan iborat “Gurvak – Xorazm qovunchiligining ramzi” savdo koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda.

Dehqonlar va amaliyotchi olimlar qovunning unutilgan navlarini tiklash, eksportbop yangi navlarini yaratish va koʻpaytirish ustida ishlamoqda. Seleksioner olimlar tomonidan hosildorligi yuqori boʻlgan, noqulay ob-havo sharoitlari, ayniqsa, oqpalak kasalligiga chidamli, eksportbop “Gurlan”, “Amudaryo”, “Gulobi Xorazmi”, “Saxovat”, “ Zargulobi” navlarining yaratilgani bu boradagi izlanishlarga yorqin misoldir. Xozirda viloyatda qovunning 125 turi mavjud.

“Qovun sayli – 2019” festivali doirasida keyingi yillarda viloyatda qovunchilik va poliz ekinlari boʻyicha ilmiy ishlar olib borayotgan soha mutaxassislari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi.

Festival doirasida viloyatning folklor-etnografik guruhlari, yosh estrada xonandalarining chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, gullar va hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi ham tashkil etildi.

Har bir tuman va shahar uchun ajratilgan, bayramona bezatilgan pavilyonlarda qovunlar oʻziga xos manzarali koʻrinishda namoyish etildi va tadbir soʻnggida bezatilgan pavilyonlarini hayʼat aʼzolar baholab, Xorazm viloyatining agrar hudulari hisoblangan Bogʻot, Gurlan, Qoʻshkoʻpir, Yangiariq, Yangibozor, Xonqa, Hazorasp, Shovot, Xiva va Urganch tumanlariga oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan “DAMAS” va “LABO” yengil avtomashinlari viloyat hokimligi tomonidan sovgʻa qilindi.

Tadbirda viloyat hokimi Farxod Ermanov qatnashdi.

Qovun sayli 18-avgustgacha davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?