Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” majmuasida “Xalqaro kamondan otish va milliy oʻyinlar” festivali oʻtkaziladi

12:02 12 Avgust 2019 Jamiyat
234 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Kamondan otish boʻyicha federatsiyasi tashabbusiga koʻra 2019-yil 6-8-sentyabr kunlari Xorazm viloyati Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” majmuasida “Xalqaro kamondan otish va milliy oʻyinlar” festivali oʻtkaziladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur sport musobaqasini yuqori saviyada tashkil qilish va oʻtkazish maqsadida Butunjahon Etnosport Konfederatsiyasi (BEK) tajribasiga tayanilmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning iyul oyida Xorazm viloyatiga Turkiyadan BEK rahbari, Kamonchilar fondi vasiylik kengashi raisi, Turkiya yoshlar fondi Oliy maslahat kengashi aʼzosi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻanning oʻgʻli Bilol Erdoʻgʻan boshchiligida bir guruh mehmonlar tashrif buyurishgan edi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Oybek Norinboyev, kamondan otish federatsiyasi raisi Otabek Imamov, Butunjaxonetnosport Konfederatsiyasi prezidenti Najmiddin Bilol Erdogʻan, Turkiya oʻqchilar vaqfi rahbari Haydarali Ildiz, shuningdek, mahalliy OAV vakillari festival doirasida matbuot-anjumani oʻtkazishgan.

Festivalda 1000 dan ziyod ishtirokchilarning boʻlishi, Turkiya OAVlarida keng yoritilishi va bir qator mamlakatlarning diplomatik korpus vakillari ham qatnashishi kutilmoqda.

Mazkur festivalning aynan Xorazm viloyatida oʻtkazilishi bejiz emas albatta, tarixda qadimgi xorazmliklar kamonsozlik va kamondan oʻq otish boʻyicha dunyoga mashhur boʻlgan hamda ular ishlatgan kamonlar juda sifatli va murakkab boʻlgan. Xorazm yoyi, kamonning uchlari hamda oʻrtadagi oʻq qoʻyiladigan joyi oʻziga xos tarzda, ustalik bilan ishlanganligi kamonning egiluvchanligini oshirgan va nishonga aniqroq urish imkonini bergan.

Xorazmning Tuproqqalʼa qasrida (III asr) shunday kamonning bitta deyarli butun holda saqlangan hamda boshqa koʻplab kamon qismlari topilgan. Xorazm kamoni katta boʻlib tarang tortilganda uzunligi 160 sm.gacha yetgan va oʻqning uchlari temir yoki misdan boʻlgan.

Taʼkidlash lozimki, Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” majmuasida “Xalqaro kamondan otish va milliy oʻyinlar” festivalining oʻtkazilishi yosh sportchilarimiz va boshqa davlatlardan kelgan sportchilar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish imkonini beradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini 2020-yilda Tokio shahri (Yaponiya)da boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlarida yaxshi natijalarni qoʻlga kiritgan holda muvaffaqiyatli ishtirok etishlariga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?