Xitoyning Oʻzbekistondagi elchisi litsey talabalari uchun ochiq dars oʻtdi

22:45 14 Mart 2019 Jamiyat
107 0

Foto: TDPU matbuot xizmati.

Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litseyga 13-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim tashrif buyurdi.

Akademik litsey oʻquvchilarining xitoy tilini bilish darajasini aniqlash hamda Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlariga yoshlar koʻzi bilan nazar tashlash maqsadida uyushtirilgan ushbu tashrif davomida Szyan Yan xonim oʻquvchilarga “Oʻzbekiston va Xitoy madaniyati” mavzuida ochiq dars oʻtdi.

Akademik litseyning xitoy tilini maxsus fan sifatida oʻrganuvchi guruhi bilan oʻtkazilgan ochiq darsda Szyan Yan xonim oʻzbek hamda xitoy xalqlari madaniyatlaridagi mushtarak jihatlar toʻgʻrisida soʻzladi. Shuningdek, erkin savol-javob tarzida oʻquvchilar bilan oʻzbek adabiyoti durdonalari — “Oʻtgan kunlar” romani, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Zulfiya ijodi toʻgʻrisida fikr almashildi. Elchi xonim akademik litsey oʻquvchilari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini yoddan oʻqidi.

Uchrashuv soʻngida Szyan Yan xonim XXR tomonidan har yili ajratiladigan taʼlim grantlari dasturida TDPU akademik litseyining ikki nafar oʻquvchisi gʻolib boʻlganini eʼlon qildi. Oʻquvchilarning til oʻrganishga boʻlgan intilishlarini yanada oshirish maqsadida xitoy tilidagi nodir asarlar toʻplamini litsey fondiga sovgʻa qildi.

Dildora Ibragimova, Toshkent davlat pedagogika universiteti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?