Xitoyning eng yirik kompaniyalaridan biri Fargʻonaga investitsiya kiritmoqchi

17:01 16 Avgust 2019 Jamiyat
118 0

16-avgust kuni Fargʻona viloyati hokimi, Oliy Majlis senati azosi Shuhrat Gʻaniyev Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan Hebei Weigeng International Import&Export company bosh direktori Vang Ziyao Lin honim boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Delegatsiya tarkibida logistika kompaniyasi direktori Vang Yang hamda halqaro aloqalar boʻyicha direktor Vang Jiyan Jang ham uchrashuvda ishtirok etdi.

Fargʻona viloyati hokimi mehmonlarning tashrifidan xursand ekanligini bildirdi. Oʻz soʻzida viloyatdagi 370 dan ortiq xorijiy kompaniyalarning 40 tasi Xitoy kompaniyalari bilan tashkil etilganligini alohida takidlab oʻtdi. Yaqindagina Fargʻonada boʻlib oʻtgan Xalqaro investitsiya forumida ham Xitoylik investorlar qatnashib, hamkorlik shartnomalarini tuzgan edilar.

Vang Ziyao Lin honim oʻz kompaniyasi haqida malumot berar ekan, Pekin, Kvanju, Gongkong kabi shaharlarda faoliyat olib borishlarini bildirdi. Kompaniya asosan logistika, eksport-import masalalari bilan shugʻullanadi va 16 yildan beri faoliyat koʻrsatadi. Bir yillik aylanmasi 2 milliard AQSH dollariga teng.

Ushbu kompaniya Xitoyning eng ishlab chiqarish rivojlangan Hebey provinsiyasida joylashgan boʻlib, xoʻjalik mollari, mebel, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zavod-fabrikalar bilan hamkorlik qiladi. Uning fikriga koʻra, mazkur zavod-fabrikalar rahbarlari Oʻzbekiston, xususan, Fargʻona viloyati bilan hamkorlik qilishga qiziqmoqdalar. Shuning uchun delegatsiya viloyatni oʻrganishga kelganligini bildirdi.

Kompaniya Fargʻonada hamkorlik qilish uchun ishlashga tayyor 3 ta loyihani taklif qildi. Birinchi loyiha boʻyicha qurilish sohasida, asosan yoʻl qurilishi sohasida korxona ochish koʻzda tutilgan. Yaʼni, Angren-Pop yoʻlini qurishda ishlatilgan materiallarni ishlab chiqaradigan korgʻonani Fargʻonada qurish istagini bildirdilar. Ushbu loyihaga 4 million AQSH dollaridan ziyod investitsiya kiritish rejalashtirilgan.

Ikkinchi loyiha esa maishiy chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqilgan boʻlib, kompaniya ushbu sohada Xitoyda ikkinchi oʻrinda turadi. Mazkur loyihaga 40 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritiladi. Ushbu sohada havoni ifloslantirish 0 % ga teng boʻlgan yangi texnologiyadan foydalaniladi. Chiqindini qayta ishlab, koʻmir, elektr, gʻisht kabilar ishlab chiqarilishi mumkin. Bu loyiha Xitoydagi Sin Xua universiteti olimlari ixtirosi asosida tuzilgan.

Uchinchi loyiha esa Fargʻonada elektromobillar, velosipedlar, elektrotexnika ishlab chiqarish, terini qayta ishlash boʻyicha ekanligi aytildi.

Shuhrat Gʻaniyev yakunlovchi soʻzida viloyat hokimligi investorlar uchun sharoitlarni yaratib berishga tayyor yekanligini, hamkorlik iqtisodiy barqarorlikka olib kelishini taʼkidlab oʻtdi. Muzokara soʻngida esdalik sovgʻalari topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?