Xitoyning agrar sohadagi innovatsion tajribasini Oʻzbekistonga tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi

16:42 11 Sentyabr 2019 Jamiyat
97 0

Joriy yilning 10-sentyabr kuni “Qishloq xoʻjaligini isloh qilishda Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi va uni Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllash imkoniyati” mavzusidagi oʻzbek-xitoy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbir Xitoyning ochiqlik islohotlari siyosati 40 yilligiga va Oʻzbekistonning Harakatlar strategiyasi doirasida yangilangan ichki va tashqi siyosatini ilgari surish tajribasiga bagʻishlangan.

Xalq vakillari umumxitoy majlisi Qishloq xoʻjaligi va qishloqlarda ishlash boʻyicha qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Li Chunshen boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida boʻlgan mazkur tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev raislik qildi.

Konferensiya ishida ishtirok etgan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning iqtisodiy rivojlanish darajasi, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi rivojlanishi darajasi dunyodagi yetakchi oʻrinlarni egallashini taʼkidlarkan, Xitoyning ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilishga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.

— Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi bilan ekinlarni ekish va parvarishlashning yangi zamonaviy usullarini joriy etish, qishloq xoʻjaligiga doir ilmiy texnologiyalar bilan oʻrtoqlashish borasida hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan, – dedi vazir. – Shuningdek, Oʻzbekistonga dori substansiyalari xorijdan olib kelinayotganini inobatga olib, ularni oʻzimizda ishlab chiqarish zaruriyati yuzaga keldi. XXR Fanlar Akademiyasining Shanxay farmakologiya instituti hamkorligida “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida Xitoyning “Topharman & Vigonvita & CADDC-CASS” konsorsiumi bilan dorivor moddalarni sintez qilish boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy tibbiyot texnologik parkini tashkil etilmoqda.

Agrar siyosat muammolarini xalqaro darajada muhokama qilish ushbu masalaning dolzarbligi va bu borada turli davlatlarning tajribalarini qoʻllash imkoniyatlari mavjudligidan dalolat berayotgani taʼkidlandi. Zero, oziq-ovqat xavfsizligi muhim strategik omillardan biridir.Qishloq xoʻjaligi Xitoy iqtisodiyotining salmoqli boʻgʻini ekanligi sabab ham Chin mamlakatining qishloq xoʻjaligi sohasidagi tajribasini oʻrganish va uni yurtimizda tatbiq etish oʻta muhim sanaladi. Xitoy agrar sohasida dehqonlarni qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Xitoy agrar sohani islohot etarkan, sohani tubdan oʻzgartirish emas, balki uning kamchiliklarini bartaraf etishga eʼtibor qaratdi. Bugunda Xitoyda dehqonlar koʻplab soliqlar ozod qilingan, ularga turli ehtiyojlari uchun davlat tomonidan subsidiyalar taqdim etiladi. Don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun minimal xarid narxlari siyosati yuritiladi, dotatsiyalar, kreditlar beriladi, begʻaraz yordam koʻrsatiladi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanadigan qishloq ahliga sugʻurta tizimi orqali bepul tibbiyot xizmatlari tashkil etilgan.

Konferensiyada soʻzga chiqqanlar Xitoyning agrar sohasidagi islohotlarning muvaffaqiyati bu dehqonlarda mulkchilik tuygʻusini rivojlantirishga bogʻliqligini, shaxsiy manfaatdorlikni ragʻbatlantirish va shuningdek, dehqonlarning masʼuliyatini oshirishga qaratilganiga eʼtibor qaratdilar. Oʻzbekistonda ilgʻor tajribalarni joriy etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritilar ekan, mamlakatimiz agrar sohada ulkan salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini tubdan isloh qilish, bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mahsulotni qayta ishlash tizimi va qoʻshilgan qiymat zanjirini yanada takomillashtirishda yutuqlarga erishilgani qayd etildi.

Konferensiya davomida agrar sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qishloq xoʻjaligini innovatsion rivojlantirish XXR iqtisodiy siyosatining eng muhim vazifalaridan biri boʻlib qolayotgani taʼkidlandi. 40 yil davomida agrar sektor va qishloq hududlarini muvaffaqiyatli isloh qilish Xitoyni qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining asosiy turlarini: yem-xashak ekinlari, chorvachilik, sabzavotchilik, meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha jahon yetakchisiga aylantirdi.

Shuningdek, konferensiyada suv xoʻjaligi faoliyati samaradorligini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Suv resurslarini cheklash muammosi Xitoy uchun ham, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Oʻzbekiston uchun ham dolzarbligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, Xitoy amaliyotida sinovdan oʻtgan samarali sugʻorish usullarini yurtimizda tatbiq etilishi masalalari ham muhokama etildi.

Konferensiya yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi va qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?