Xitoyliklar bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda qizilmiya oʻsimligi yetishtiriladi va qayta ishlanadi

14:49 18 Avgust 2019 Jamiyat
162 0

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi yetakchi mutaxassislari Xitoyning “Shaanxi YuanZheng Investment Group CO.Ltd” farmatsevtika kompaniyasi rahbariyati va vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama qator masalalar muhokama qilindi. Oʻzbekiston Respublikasida qizilmiya oʻsimligini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish ishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining xalqaro aloqalar va investitsiyalar jalb qilish boʻlimi rahbari Rahima Madraimova mehmonlarni agentlikning asosiy vazifalari bilan tanishtirib, ular orasida mamlakatning farmatsevtika sohasini rivojlantirishning oʻrta va uzoq muddatli istiqbollari ustuvor vazifalardan ekanligini aytib oʻtdi. Shuningdek, mehmonlarga davlatimiz tomonidan farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani, iqtisodiyotning barcha jabhalari, xususan, farmatsevtika sohasining sarmoyaviy jozibadorligi ortib borayotgani borasida atroflicha maʼlumot berildi.

– Farmatsevtika sohasi respublikamizning strategik ahamiyatga ega jabhalaridan boʻlib, sanoat ishlab chiqarishida yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi, – dedi Rahima Madraimova.

“Shaanxi YuanZheng Investment Group CO.Ltd” kompaniyasi bosh direktori Ma Ye kompaniya faoliyati haqida batafsil gapirib berdi.

– Kompaniyaning asosiy faoliyat yoʻnalishi yirik elektr energiyasi loyihalarini, shuningdek, koʻchmas mulk va yangi energetik materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini sarmoyalash va amalga oshirishdan iborat. Kompaniyaning Xitoy boʻylab bir nechta boʻlinmalari mavjud va bir necha yildirki kompaniya mamlakat bozorida yetakchilikni qoʻlga kiritib kelmoqda. Aytish joiz, kompaniya oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda, – dedi kompaniya bosh direktori.

Oʻzbekistonda qulay sarmoyaviy muhit mavjudligini hisobga olgan holda, kompaniya qizilmiya oʻsimligini yetishtirish va qayta ishlash korxonasini qurish uchun dastlab 10 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflashni, shuningdek, bir nechta jarayonni oʻz ichiga oluvchi klaster yaratishni ham moʻljallagani, yaʼni qizilmiya oʻsimligini yetishtirishdan tortib qayta ishlash, tayyor va chiqindilardan ikkilamchi mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻsadigan dorivor oʻsimliklarni, jumladan, qizilmiyani oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy ilmiy-tadqiqot markazini ham ochish rejalar qatoridan oʻrin olgan. Istiqbolda kadrlar almashinuvini ham yoʻlga qoʻyish maqsad qilinmoqda.

Uchrashuv yakunida, hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish maqsadida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va “Shaanxi YuanZheng Investment Group CO.Ltd” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi va hamkorlik bitimi imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?