Xitoylik jarrohlarning beminnat yordami tufayli 103 yoshli hamyurtimiz yana yorugʻ dunyoni koʻrish baxtiga musharraf boʻldi

11:19 24 Dekabr 2019 Jamiyat
534 0

Bu haqda XXRning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan maʼlum qildi.

Uning qayd etishicha, Oʻzbekistonda shu yilning 22-noyabridan 11-dekabrigacha “Yorqin yoʻl” xalqaro ekspress aksiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Zero, uning davomida Xitoydan kelgan shifokorlar va mutaxassislar kataraktasi bor bemorlarni bepul jarrohlik amaliyotidan oʻtkazdi. Butun mamlakat boʻyicha 450 dan ziyod ayollar, bolalar va oʻrta hamda katta yoshdagilar yana yorugʻ dunyoni koʻrish baxtiga musharraf boʻldi.

Tadbir Xitoy sogʻliqni saqlash milliy qoʻmitasi xalqaro aloqalar markazi tomonidan SHHTning yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha Xitoy qoʻmitasi, “Salomatlik ekspressi” va XXRning Toshkentdagi elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi. Pekin universiteti qoshidagi Xalq shifoxonasi oftalmolog-shifokorlar guruhi chekka hududlardagi kataraktasi bor bemorlarni Samarqand va Toshkentdagi ikkita davolash punktida operatsiya qildi.

“Yorqin yoʻl” aksiyasi Markaziy Osiyoda ilk marotaba oʻtkazilmoqda va uning Oʻzbekistondan boshlanishi alohida ahamiyatga ega. Mazkur qadam, eng avvalo, ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi kelishuvlarning hayotga tatbiq qilinishi ifodasidir. XXR Raisi Si Szinpin odamlarning salomatligi millat va mamlakat gullab-yashnashining muhim koʻrsatkichi, deb taʼkidlab keladi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi muhofazasini yanada yaxshilash, uni tibbiyot tizimi faoliyati bilan taʼminlash davlatning asosiy vazifasi ekanligini qayd etadi.

2016-yil iyunida Rais Si Szinpin Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida Oliy Majlisda nutq soʻzlar ekan, “Sogʻlom Ipak yoʻli”ni yaratish boʻyicha muhim tashabbusni ilgari surgandi. Joriy yil noyabr oyi boshida Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelib, SHHTga aʼzo davlatlar hukumat rahbarlari yigʻilishida ishtirok etgan Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan kelgusi uch yil davomida Xitoy aʼzo davlatlar hamda kuzatuvchi mamlakatlarda “Salomatlik ekspressi” xalqaro loyihasini amalga oshirishini eʼlon qildi. Buning doirasida kataraktani olib tashlash boʻyicha minglab bepul operatsiyalar amalga oshiriladi. Eʼtiborlisi, mazkur jarrohlik amaliyotlari Oʻzbekiston, shuningdek, SHHTga aʼzo boshqa davlatlar rahbarlari tomonidan yuksak baholangan.

Oʻzbekiston “Yorqin yoʻl” aksiya oʻtkaziladigan birinchi mamlakat sifatida tanlandi. SHHTning yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha Xitoy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Syuy Li hamda “Salomatlik ekspressi” jamgʻarmasi raisi va taʼsischisi Fan Xuan Sziven mana shu tadbirda qatnashish uchun Oʻzbekistonga keldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova shifoxonada xitoylik shifokorlar bilan uchrashdi. Bu ham tomonlarning Xitoy — Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini anglatadi.

Mamlakatlar oʻrtasidagi sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik kadrlar tayyorlash yoʻnalishini ham qamrab oladi. Operatsiyalarning tigʻiz kun tartibiga qaramasdan xitoylik mutaxassislar oʻzbekistonlik hamkasblari bilan bilim va tajribalarni faol almashib kelyapti, oftalmologiyada foydalanilayotgan eng yangi ishlanmalar, texnologiyalar hamda materiallarni namoyish etdi. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va klinikalari rahbarlari Xitoydagi tibbiyot muassasalariga tibbiyot xodimlarini yuborishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Takliflar esa qoʻllab-quvvatlandi. Oʻz navbatida, XXR vakillari Samarqand koʻz kasalliklari shifoxonasi bazasida “Salomatlik ekspressi”ning oftalmologik markazini ochish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga tayyor ekanliklarini izhor etdi.

“Salomatlik ekspressi” paydo boʻlishi tarixi haqida gap ketganda, bu xayrli harakat 1997-yilda Gonkongdagi vatandoshlar tomonidan markaziy hukumatga sovgʻa sifatida amalga oshirilgan edi. Oʻshanda uning shifoxonasi poyezd koʻrinishida boʻlgan. Bu safar Xitoyning tibbiyot jamoasi oʻsha ramziy transport vositasida kelmagan boʻlsa-da, lekin oʻsha ezgu missiyaga sodiqligini saqlab qoldi. Mutaxassislar oʻzbekistonlik hamkasblari bilan tashxis qoʻyish, skrining va operatsiyalarning eng old qatorlarida oʻzaro yaqindan ish olib borishdi. Ularning professional ishi tufayli yuzlab ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga koʻz nuri qaytarildi. Eng yosh bemor sakkiz oylik, eng keksasi esa 103 yoshli kishi boʻldi.

Xitoy — Oʻzbekiston oʻrtasidagi sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini birgalikda qurishning muhim qismidir. Toshkentda Xitoy Fanlar akademiyasining Markaziy Osiyo tibbiy dori-darmonlar ilmiy-tadqiqot markazi foydalanishga topshirildi. Oʻz navbatida, yurak-qon tomir kasalliklari boʻyicha Xitoydagi yetakchi mutaxassis, Fuvay klinikasi professori Pan Syanpin Oʻzbekistonda operatsiyalar oʻtkazdi, yaqinda Xitoy — Oʻzbekiston anʼanaviy tibbiyot markazi ochiladi. “Yorqin yoʻl” aksiyasining muvaffaqiyatli yakunlanishi nafaqat muhim sohadagi hamkorlik mazmunini boyitdi, balki xalqlarimizni ruhan va maʼnan yaqinlashtirishga xizmat qildi. Xitoy tomoni odamlarga “Sogʻlom Ipak yoʻli” gʻoyasining hayotga tatbiq etilishidek ezgulik imkoniyatlarini taqdim qilish maqsadida tibbiyotning innovatsion shakllarini birgalikda joriy etishga tayyordir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?