Xitoylik ishchilar Tojikistonda isyon koʻtardi

11:13 23 May 2020 Dunyo
376 0

Xitoylik ishchilar Tojikistonda qoʻzgʻolon koʻtargan. Taxminlarga koʻra, bunga sabab ularga oylik ish haqlarining kechikishi boʻlgan. Biroq ular uylariga qaytarib yuborishlarini talab qilgan degan qarash ham bor.

Voqea Zarnigor shahrida roʻy berdi, deb yozadi Zakon.kz oʻz manbalariga tayanib.

Qariyb 60 nafar xitoylik ishchilar “Tojikiston-Xitoy togʻ-sanoati kompaniyasi“ bosh ofisiga bostirib kirgan.

Ishchilar bilan kelishishga boʻlgan urinish oʻz samarasini bermagan. Mahalliy OAVda yozilishicha, norozi migrantlar vandalizm harakatlarini amalga oshirganlar. Bino va bir nechta avtomobillarning oynalarini sindirishgan.

Voqea joyiga maxsus kuchlar yetib kelgan. Ular qoʻzgʻolonchilarni tinchlantirish uchun havoga qaratib oʻq ham uzishgan. Qurbonlar va jarohatlanganlar yoʻq.
Ushbu kompaniyada XXRdan 60ga yaqin ishchi faoliyat yuritadi.
Manbalarga koʻra, mutasaddilar xitoylik ishchilarning sabablarini muhokama qilish uchun muzokaralar oʻtkazishdi. Kompaniyaga ishchilarga oxirgi uch oylik uchun maoshlarni berishni tezlashtirish tavsiya etildi.

“Tojikiston-Xitoy togʻ-sanoati kompaniyasi“ ga 2007-yilda asos solingan boʻlib, ruh, qoʻrgʻoshin va mis qazib chiqarish bilan shugʻullanadi. U Xitoyning yangi texnologiyalar eksport-importi boʻyicha global kompaniyasi tomonidan xususiylashtirilgan Oltintopkan ruda boshqarmasi bazasida tashkil etilgan. Ustav kapitali 30 mln. dollarga teng.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?