Xitoydan Oʻzbekistonga keltirilgan koʻchatlar nega yoʻq qilindi?

18:49 04 Yanvar 2020 Jamiyat
523 0

Yaqinda Toshkent shahar Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining “Ark Buloq” oʻsimliklar karantini chegara maskaniga Sirdaryo viloyatidagi “Agro Eco Technology” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonaga Xitoy davlatidan 26 ta qutida yuborilgan 952 dona “Anthurium and Raeanum” turidagi manzarali gul koʻchati keltirildi.

Oʻsimliklar karantini davlat inspektori Sh.Abduqahhorov mazkur gul koʻchatini birlamchi karantin koʻrigidan oʻtkazganida, oʻzida shubha uygʻongani bois undan namuna olib, Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining Markaziy karantin laboratoriyasiga yuboradi.

“Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati maʼlumotida qayd etilishicha, davlat inspektorida shubha uygʻongani bejiz emas ekan. Entomolog, fitopatolog, gerbolog, bakteriolog, gelmintolog hamda virusolog mutaxassislar tomonidan olib borilgan jiddiy tahlillar unda issiqxona rangsiz kanasi (Polyphagotarsonemus latus), barg nekrozi (Myrothecium sp) va bakterial chirish (Xanthomonas axonopodis pv. Dieffenbachiae) singari zararkunanda hamda kasalliklar mavjudligini aniqlab berdi. Tahlil yakunida laboratoriya xodimlari karantin ruxsatnomasi boʻlmagan va fitosanitar xavfga ega, deb baholangan mazkur koʻchatlarni yoqib yoʻq qilishni tavsiya etishdi. Pirovardida “Anthurium and Raeanum” turidagi manzarali gul koʻchatining barchasi belgilangan tartibda yoqib yuborish bilan yoʻq qilindi.

"Mamlakatimiz qonunchiligiga binoan, yurtimizga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotlar, shu jumladan, meva-sabzavotlar hamda boshqa koʻrinishdagi oʻsimliklar albatta zararli organizmlardan xoli va karantin ruxsatnomasi hamda fitosanitariya sertifikatlariga ega boʻlishi shart. Buni Sirdaryo viloyatidagi “Agro Eco Technology” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona mutasaddilari endi yaxshi bilib olishdi, desak, yanglishmaymiz" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?