Xitoyda yuqumli kasallik tarqaldi. Oʻzbekiston qanday choralar koʻrib qoʻygan?

13:50 14 Yanvar 2020 Jamiyat
1889 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosining maʼlumotiga koʻra, Xitoy Xalq Respublikasida koronovirusning yangi tipi epidemiyasi yuzaga kelgan. Xitoyning Uxan shahar Sogʻliqni saqlash qoʻmitasi 2019-yilning dekabr oyining oxirida Xubey provinsiyasida nomaʼlum etiologiyali pnevmoniya kasalligi tarqalganligini maʼlum qildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Maʼlumotlarga qaraganda, 2020-yilning 11-yanvar holatiga Uxan shahrida 41 ta holatda virusli pnevmoniya kasalligi aniqlangan. Ulardan bir nafari vafot etgan, 6 nafari sogʻayib, shifoxonadan chiqarilgan. Bemorlarning koʻpchiligi tana haroratining yuqoriligi hamda nafas olishining qiyinlashishidan shikoyat qilgan. Koʻkrak qafasining rentgenografiya xulosasiga koʻra, ayrim holatlarda bemorlarning oʻpkalari shikastlangan.

Bugungi kunda kasallikning odamdan odamga yuqishi aniqlanmagan.

Yurtimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:

- davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan oʻtayotgan yoʻlovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya koʻrigidan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda;

- pnevmoniya va boshqa oʻtkir respirator kasalliklari alomatlari bilan aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari koʻrilmoqda;

- gripp, OʻRI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalarini tayyorgarligini taʼminlash, bemorlarni davolash uchun dori-darmonlar va dezinfeksion moddalar zaxirasi yaratildi;

- Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotgan yoʻlovchilar orasida gripp kasalligining ogʻir turlariga, OʻRI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olish tashkil etilmoqda;

- mutaxassislar tomonidan uchuvchilar, bort va temir yoʻl kuzatuvchilarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, OʻRI va oʻtkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlari oʻtkazilmoqda.

Yuqumli kasalliklarning yurtimizga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish boʻyicha olib borilayotgan barcha chora-tadbirlar qatʼiy nazoratga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?