Xitoyda “Oʻzbekistonni bilasizmi?” loyihasi amalga oshirilmoqda

11:49 19 Avgust 2019 Jamiyat
79 0

Xitoyning Lanchjou shahrida bir guruh faol vatandoshlarimiz tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorligida yurtimizni tanitish hamda kelayotgan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida “Oʻzbekistonni bilasizmi?” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Xususan, Lanchjou shahridagi mashhur turizm maskanlari, jumladan, Baytashan bogʻida xitoyliklar va sayyohlar orasida Oʻzbekistonga doir bilimlarini aniqlash borasida soʻrovlar oʻtkazildi. Oʻzbekiston haqida bilmagan xitoyliklar va bu mamlakatga tashrif buyurgan turistlarga Oʻzbekistonning turizm salohiyati haqida maʼlumotlar (qoʻllanma, futbolka, kepka va b.) taqdim etildi. Qayd etish joizki, vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan mazkur loyihani keng targʻib qilish maqsadida videorolik tayyorlandi va Youtube kanalidagi sahifaga joylashtirildi.

“Aksariyat xitoyliklar Oʻzbekiston haqida yetarli maʼlumotlarga ega emas. Biz loyiha davomida Oʻzbekistonning mashhur shaharlari, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz hamda milliy taomlarimiz haqida batafsilroq maʼlumot berishga hamda xitoyliklarni mamlakatimizga sayohat qilishga qiziqtirishga harakat qildik. Viza rejimining soddalashtirilganligi xitoyliklar orasida katta qiziqish uygʻotdi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, bu kabi loyihalarni yanada koʻpaytirish zaruriyati mavjud” – deydi vatandoshimiz Abduhafiz Miyliqulov. Oʻz navbatida, Turizmni rivojdantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekistonning turizm salohiyatini xorijda keng targʻib qilishda faollik koʻrsatayotgan vatandoshlarimizga minnatdorchilik bildiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?