Xitoyda Oʻzbekiston elchixonasining yangi binosi ochildi

14:50 21 Avgust 2019 Jamiyat
124 0

2019-yilning 19-avgust kuni Pekin shahrida tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Xitoy Davlat kengashi aʼzosi, Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan birgalikda Oʻzbekiston mustaqilligining 28 yilligi hamda mamlakatimizning Xitoy poytaxtidagi Elchixonasi yangi binosining ochilishiga bagʻishlangan tantanali qabulda ishtirok etdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Abdulaziz Kamilov oʻz nutqida mamlakatimiz ochiq, har tomonlama vazmin, tinchliksevar tashqi siyosat olib borayotganini, Xitoy bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish esa Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanishini taʼkidladi.

Vazir “Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi Xalqaro forumi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev va XXR Raisi Si Szinpin oʻrtasida boʻlib oʻtgan juda samarali va anʼanaviy iliq muzokaralar ikki mamlakat oʻrtasidagi har tomonlama strategik sherikchilikni yanada mustahkamlashga kuchli turtki berganini qayd etdi.

“Oʻzbek xalq meʼmorchiligi asriy anʼanalarining oʻziga xos koʻrinishlari hamda zamonaviy arxitektura talablarini mujassam etgan Oʻzbekistonning Pekindagi Elchixonasi yangi binosining ochilishi Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikning yuqori darajada ekanligini yaqqol tasdiqlaydigan dalillardan biridir”, – dedi Abdulaziz Kamilov.

Oʻzbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari Vazir Van Yi va Xitoy tomoni vakillarini joriy yilning 1-oktyabr kuni keng nishonlanadigan yubiley – XXR tashkil topganining 70 yilligi bilan ham samimiy tabrikladi.

Tadbirda Xitoy Davlat kengashi aʼzosi, Tashqi ishlar vaziri Van Yi tabrik nutqi soʻzladi. U Xitoy va Oʻzbekiston bir-biriga samimiy ishonuvchi, yaxshi doʻstlar va yaxshi sheriklar hisoblanishini taʼkidladi. Oʻtgan 27 yil davomida Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlari vaqt sinovidan oʻtib, rivojlanishning mustahkam oʻsish suratlarini saqlab qoldi, ikki tomonlama munosabatlarda esa rivojlanishning barqaror va sogʻlom muhiti hukm surmoqda.

2017-yildan boshlab XXR Raisi Si Szinpin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzaro tashriflar bilan almashdilar va qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishdi, ular oʻrtasida chuqur shaxsiy munosabatlar oʻrnatildi.

Van Yi Pekin shahridagi Oʻzbekiston Elchixonasining yangi binosi davlatlarimiz xalqlari oʻrtasidagi mustahkamlanib borayotgan doʻstlik va hamkorlikning timsoliga aylanishiga umid bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?