Xitoy temir yoʻl orqali Yevropa va Markaziy Osiyo bilan savdo hajmini oshirmoqda

15:47 09 Avgust 2020 Dunyo
314 0

Xitoyning yetakchi “Jenmin Jibao” gazetasining internet-sahifasida maʼlum qilinishicha, joriy yilning dastlabki yetti oyida Xorgos nazorat-oʻtkazish punkti (BSP) orqali (Shinjon-Uygʻur avtonom viloyati, Xitoyning Shimoli-gʻarbiy hududi), “Xitoy-Yevropa” va “Xitoy-Markaziy Osiyo” yoʻnalishi boʻylab temir yoʻllarda tashilgan yuk hajmi 1,5 baravardan koʻproqqa ortgan. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Gazetada yozilishicha, 2020-yilning yanvar-iyul oylarida Xitoyning Qozogʻiston bilan chegara hududida joylashgan “Xorgos” temir yoʻl oʻtkazish punkti orqali 2 ming 240 ta poyezd 3,3 million tonna yukni olib oʻtgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 55,37 foiz koʻp.

Ushbu davrda Xitoydan kiyim-kechak, elektronika, elektromexanika buyumlari va kimyoviy mahsulotlar ortilgan 1 ming 974 ta yuk poyezdi qatnovni amalga oshirgan.

Ushbu nazorat punkti orqali temir yoʻlda Yevropa va Markaziy Osiyodan bir vaqtning oʻzida Xitoyga jami 266 yuk poyezdi kirib kelgan.

“Ular asosan Germaniya, Polsha, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlardan paxta tolasi, qurilish materiallari, avtomobillar kabi mahsulotlarni olib kelgan”, - deyiladi “Jenmin Jibao” gazetasi maʼlumotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?