Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Prezident Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi

09:18 29 Avgust 2018 Siyosat
90 0

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janoblari!

Xitoy Xalq Respublikasi hukumati va xalqi nomidan, shaxsan oʻz nomimdan Sizni va doʻst Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklash va eng ezgu tilaklarni bildirishga ijozat bergaysiz.

Sizning rahbarligingizda Oʻzbekistonda barqaror siyosiy muhit kuzatilmoqda, barcha yoʻnalishlarda jadal islohotlar amalga oshirilmoqda, iqtisodiy rivojlanish surʼatlari tobora ortib bormoqda, buning natijasida xalqning hayot darajasi muttasil oshmoqda, davlat qurilishi sohasida muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritilib, mamlakatning jahon miqyosidagi obroʻ-eʼtibori yuksalmoqda. Oʻzbekistonning yaxshi qoʻshnisi, ishonchli hamkori va yaqin doʻsti sifatida Xitoy tomoni bularning barchasidan gʻoyat mamnun boʻlmoqda.

Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelmoqdaman, Siz bilan oʻrtamizdagi samimiy ishchan munosabat va doʻstlikni yuksak qadrlayman. Shanxay hamkorlik tashkilotining yaqinda Sindao shahrida boʻlib oʻtgan sammiti doirasida biz samarali uchrashuv oʻtkazdik, qator muhim kelishuvlarga erishdik, ularning barchasi Xitoy va Oʻzbekiston munosabatlari rivojiga yangi harakatlantiruvchi kuch bagʻishladi. Xitoy-Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini ikkala mamlakat xalqlari ravnaqi va farovonligi yoʻlida rivojlantirishda yangi natijalarga erishish uchun Siz bilan birgalikda saʼy-harakatlarimizni safarbar etishga tayyorman.

Doʻst Oʻzbekistonga taraqqiyot va kuch-qudrat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?