Xitoy raisi oʻrinbosari Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

11:16 20 Avgust 2019 Jamiyat
85 0

2019-yilning 19-avgust kuni rasmiy tashrif bilan Pekin shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Xitoy Xalq Respublikasi Raisining oʻrinbosari Van Sishan tomonidan qabul qilindi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Vazir Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Raisi Si Szinpin va Van Sishanga, shuningdek ular orqali barcha doʻst Xitoy xalqiga eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat chogʻida ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor masalalari, ularni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, oliy darajadagi muntazam Oʻzbekiston-Xitoy aloqalari barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun ishonchli asosdir.

Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlashning barqaror tendensiyasini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Xitoy 2018-yilda Oʻzbekistonning eng yirik tashqi savdo sherigiga aylandi. Joriy yil soʻngida oʻzaro savdo hajmi 8 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.

Uchrashuvda, shuningdek, sarmoyaviy soha, transport va kommunikatsiya masalalarini hal qilishdagi hamkorlik, ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashuvlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?