Xitoy Oʻzbekistondan 1 million dollarlik sarxil gilos sotib olmoqchi

16:46 04 Iyul 2019 Iqtisodiyot
272 0

Oʻzbekistonning Zangiota Tomorqa Xizmati Export kompaniyasi(New Way Caravan Gardens brendi) Xitoyga 2020-yilda qiymati 1 mln. dollarlik sarxil gilos yetkazib berish boʻyicha shartnomalar imzoladi. Bu haqda XXRning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Shu yil 27-29-iyun kunlari Janubi-Sharqiy Osiyoning meva savdosi boʻyicha eng yirik markazlaridan biri - Guanchjou shahrida boʻlib oʻtgan Fruit Expo 2019 xalqaro koʻrgazmasi doirasida bu borada kelishuvga erishilgan.

Guandun provinsiyasidagi yil boʻyi Chilidan sarxil gilos sotib olish bilan shugʻullanadigan kompaniyalar ilk bor Oʻzbekiston bilan ham mazkur yoʻnalishda ish olib boradi. Binobarin, xitoylik sheriklar belgilangan muddatda yurtimizga kelib mahsulotni qanday toʻgʻri qadoqlash va joʻnatishni oʻrgatishadi. 2020-yilda gilos narxiga qarab uning hajmi 200-250 tonnagacha yetishi mumkin, deya aniqlik kiritgan elchixona.

New Way Caravan Gardens gilosdan tashqari koʻrgazmada Chin oʻlkasida talab katta boʻlgan qovun, uzum, quruq mevalar va yongʻoqlarni ham namoyish etgan.

Maʼlumot uchun, Fruit Expo 2019 forumining umumiy maydoni 12 ming kv.metrga teng koʻrgazma maydonida Chili, Peru, Ekvador, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Tailand, Malayziya, Hindiston, Pokiston va Vyetnam kabi mamlakatlardan 200 ta eksponent taqdim qilindi.

Iyun oyidan boshlab Oʻzbekiston Shanxayga ham gilos eksportini yoʻlga qoʻydi. Oʻshanda Xitoy kompaniyasi Tmallʼda sotish uchun yurtimizda gilos importini 2600 tonnagacha yetkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.

May oyida esa oʻzbek gilosi Londondagi Gʻarbiy xalqaro bozorgacha yetib bordi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?