Xitoy — O‘zbekiston aloqalarini yanada mustahkamlashda yoshlar muhim harakatlantiruvchi kuch

09:03 12 Iyul 2018 Jamiyat
148 0
Foto: "Хаlq so`zi"

Yoshlar qalbi istiqbolli g‘oyalarga limmo-lim. Ularda yangilik yaratishga bo‘lgan intilish ruhi doimo jo‘sh uradi. O‘sib kelayotgan avlod — jamiyatning davlat qurilishi faoliyatidagi eng kuchga to‘lgan, kreativ va ijodiy tarkibiy qismi. Bu mamlakat kelajagi, millat umididir.

Xitoyda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Davlatlarimiz rahbarlari ularning kamol topishiga katta e’tibor qaratyapti, g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, faol qo‘llab-quvvatlamoqda. XKP 19-Butunxitoy syezdida XXR Raisi Si Szinpin yosh avlodda yuksak g‘oyalar va katta iqtidor borligini qayd etar ekan, agar ular mas’uliyatni dadillik bilan o‘z zimmasiga olsalar, mamlakatni yorqin kelajak, xalqni esa ajoyib istiqbol kutishini ta’kidladi. Xitoy yetakchisi fikricha, yoshlarning keng qatlami yuksak g‘oyalar va ishonchni mustahkamlashi, uzoqni o‘ylab harakat qilishi, o‘z ishini chin dildan bajarishi, davrning jasur bunyodkori bo‘lishi, xalq manfaati uchun doimiy kurash yo‘lida tarjimai holiga yorqin sahifalarni bitishi lozim.

O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimida mamlakat yoshlarini mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lishi, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlat va jamiyat bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini ta’kidlagandi.

Yaqinda O‘zbekiston tarixida ilk bor “Yoshlar kuni” keng nishonlangani ham navqiron avlodga berilayotgan yuksak e’tibordan dalolatdir.

Shu munosabat bilan davlat rahbari o‘z tabrigida o‘tgan yillarda erishilgan yutuqlarni aytib o‘tar ekan, yoshlarga ota-onalari, ustoz-murabbiylari, xalqi ulardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarishi yo‘lida hormasliklari, charchamasliklarini tiladi. Yaqinda “Yoshlar — kelajagimiz” nomli keng qamrovli Davlat dasturining qabul qilinishi ham bu boradagi yana bir amaliy qadamga aylandi.

Shuni ta’kidlash joizki, ikki davlat rahbarlari kelajak, yoshlar taraqqiyoti haqida samimiy orzu-umidlarga ega. Ular Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida yoshlar almashinuvi hamda hamkorligini mustahkamlashga alohida ahamiyat bermoqda. Keyingi yillarda tomonlar bu jabhada katta natijalarga erishdi. 2017 yil avgust oyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘z raisi boshchiligida Xitoyga bordi va SHHT yoshlar oromgohida ishtirok etdi. Yaqinda Butunxitoy xalq vakillari kengashi delegatsiyasi Toshkentda tashkil etilgan “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzuidagi xalqaro konferensiyada qatnashdi.

Yoshlar Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat, ta’lim, fan, arxeologiya, tibbiyot va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanyapti. Bu kabi o‘zaro aloqalarning zarurati katta. Ayni paytda O‘zbekistonda tahsil olayotgan talabalar orasida xitoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish oshib borayotgani uchun Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutlarida o‘qitish uchun joy yetmayapti. Minglab o‘zbekistonliklar Xitoy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olmoqda. Ikki davlat yoshlarining jadal almashinuvi xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish muhitiga ta’sir ko‘rsatayotir. U Xitoy — O‘zbekiston do‘stligini avloddan-avlodga yetkazish uchun mustahkam poydevor yaratyapti.

Shu kabi muloqot — SHHT doirasidagi hamkorlikning muhim tarkibiy qismi hamdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisida SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati va uni amalga oshirish bo‘yicha Dastur qabul qilindi. Hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda mazkur hujjatlar yoshlarni salbiy ta’sirlardan asrash va mintaqaviy hamda global barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashda ijobiy rol o‘ynaydi.

2009 yil may oyida Shanxay hamkorlik tashkilotida Yoshlar qo‘mitasi ta’sis etildi. Qariyb o‘n yil davomida ishtirokchi davlatlar mazkur platformada forumlar, talabalik ijodiy festivallari va ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazdi. Xitoy tomoni ishtirokchi davlatlar bilan birgalikda SHHT universitetini tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqda. Uning bitiruvchilari o‘z mamlakati diplomiga qo‘shimcha ravishda tashkilot makonida tan olinadigan diplomga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.

2015 yil iyul oyida Ufa shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida XXR Raisi Si Szinpin 2016 yildan boshlab Xitoy qatorasiga besh yil yoshlar oromgohi tashkillashtirilishini, u yerga SHHT mamlakatlaridan 200 nafar vakil taklif etilishini ma’lum qilgandi. 2016 hamda 2017 yillarda Xitoy tomoni shu kabi ikkita oromgohni tashkillashtirdi va u yerga SHHT ishtirokchi hamda kuzatuvchi davlatlaridan qariyb 400 nafar yigit va qizlar bordi. 2015 yil dekabr oyida SHHT Bosh vazirlarining Chjenchjou shahrida o‘tkazilgan majlisida XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan Xitoy 2016/2017 o‘quv yilidan boshlab kelgusi besh yilga SHHT ishtirokchi davlatlari o‘quvchilari uchun hukumat stipendiyalaridan 20 mingta kvota ajratilishini e’lon qildi.

Mamlakatlarimiz yoshlari oldida yanada katta muvaffaqiyatlarga erishishlari uchun keng istiqbollar ochilyapti. Bu esa eskisini yangisiga almashtirish muqarrar ekanligiga oid hayotiy qonunga uyg‘un tarzda kechmoqda. O‘ylaymizki, Xitoyning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan munosabatlaridagi keyingi yutuqlari o‘sib kelayotgan avlodga o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun maydon yaratib berish yo‘lida kengayib boraveradi. Xitoy O‘zbekiston bilan birgalikda bundan buyon ham ikki tomonlama aloqalar bo‘yicha hamda SHHT doirasida yoshlar hamkorligini mustahkamlashga, yoshlarni bir-biridan o‘rganishlari, fikr almashishlari va o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Zero, bu ko‘plab yoshlarni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi va SHHT doirasidagi munosabatlarni uzoq muddatli taraqqiyoti bunyodkorlari hamda davomchilari, mintaqa gullab-yashnashi va ravnaqi yo‘lida qudratli harakatlantiruvchi kuchga aylanishlarining muhim omili hisoblanadi.

Szyan Yan,
Xitoy Xalq Respublikasining
O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?