Xitoy oʻn minglab odamlarni emlamoqda, ammo ushbu vaksinalarning sinovlari yakunlanmagan

22:30 16 Sentyabr 2020 Dunyo
199 0

Ekspertlarning xavfsizlik borasidagi xavotirlariga qaramay Xitoy hukumati oʻzining oʻn minglab fuqarolarini hali sinovlarning barchasidan oʻtib ulgurmagan vaksinalar bilan emlamoqda. 

Bu esa boshqa mamlakatlarning Xitoyda yaratilayotgan vaksinalarning natijasiga qiziqishini orttirmoqda. Xitoy iyul oyida vaksinadan favqulodda foydalanish dasturini boshladi. Unga koʻra, “Sinopharm” va “Sinovac Biotech” kompaniyalarining tajribalardan oʻtkazilayotgan uch turdagi vaksinalarini aholiga yetkazib berish boshlandi. “CanSino Biologics”ning vaksinasi esa iyun oyidayoq Xitoy armiyasiga berila boshlandi.

Koronavirusning qayta avj olish ehtimolini kamaytirishi va mamlakatdagi muhim ishchi kuchini ushbu kasallikdan himoya qilishi maqsad qilingan mazkur vaksinalar oʻziga zaxira yaratmoqchi boʻlayotgan boshqa davlatlarning eʼtiborini tortmoqda.

Xitoy hukumati mamlakatdagi tibbiyot, transport va oziq-ovqat sohasida faoliyat olib boruvchi ishchilarning favqulodda tezkor vaksina bilan qachon emlanishini rasman eʼlon qilmadi. Lekin hozirda “Sinopharm” favqulodda ishlatiladigan ikkita vaksinani ishlab chiqmoqda, “Sinovac” esa oʻn minglab odamlar oʻzining vaksinasini qabul qilib boʻlganini maʼlum qilgan.

“Hozirgacha vaksina bilan emlangan odamlardan hech biri koronavirusga chalinmadi va vaksinatsiya tizimi yaxshi ishlab kelmoqda. Vaksinalarning aks taʼsiri kuzatilmayapti”, deydi Xitoyning kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazining biologik xavfsizlik boʻyicha bosh mutaxassisi Guychjen Vu.

Vuning oʻzi aprel oyida koronavirusga qarshi emlangan. Oʻtgan haftada u Xitoy bir nechta vaksina noyabrda aholiga yetkazib berishga tayyor boʻlishini maʼlum qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?