Xitoy ommaviy axborot vositalari Oʻzbekiston haqida nimalar yozmoqda?

17:54 28 Mart 2019 Jamiyat
236 0

2019 yil boshidan Xitoyning qator ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonda turizm rivoji va xalqimiz madaniy merosi haqida koʻplab materiallar eʼlon qilindi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ana shunday maqolalardan biri yaqinda mashhur weixin.qq.com saytida “Margʻilon – Oʻzbekistonning Ipak poytaxti” sarlavhasida taqdim etildi.

Unda Fargʻonadagi margʻiloncha yuqori sifatli ipak mahsulotlari tayyorlanadigan eng yirik va zamonaviy zavod haqida batafsil maʼlumot berilgan. Mualliflar “Yodgorlik” deb atalmish yurtimizdagi ushbu eng yirik ipakchilik fabrikasida yuqori sifatli mahsulotlar anʼanaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilishini taʼkidlashgan. Jurnalistlar Gucci va Versace kabi dunyo tan olgan brendlar dizaynerlari vodiydagi mazkur korxonaga tashrif buyurishganini ham aytib oʻtganlar.

Aynan shu manbada Shahrisabzdagi madaniyat yodgorliklariga bagʻishlangan yana bir material berilgan.

“Majmuaning ikkita qarama-qarshi devori hamon moviy naqshlarga bezalgancha qoʻr sochib turibdi va Oʻzbekistonning eng qadimiy hamda goʻzal madaniy yodgorliklaridan biridir. “Oqsaroy” devorlari balandligi 38 metrga teng, majmua bundan 600 yil oldin qurilgani inobatga olinsa, u oʻz vaqtining osmonoʻpar binosi boʻlgan deyish mumkin. Shuningdek, oxirgi yillarda Oʻzbekistondagi koʻplab tarixiy obidalar restavratsiya qilindi, biroq “Oqsaroy” oʻzining koʻhna qiyofasini hamon yoʻqotmagan”, - deya mualliflar oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashishgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?