Xitoy Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻlini qurish loyihasini ishlab chiqishga qoʻshilishga tayyor ekanligini bildirdi

02:17 11 Aprel 2019 Jamiyat
285 0

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Den Siszyun bilan uchrashdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Suhbat chogʻida Afgʻonistondagi hozirgi holat va mamlakatda mustahkam hamda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatishga yoʻnaltirilgan afgʻonlararo tinchlik muloqotini boshlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Xitoy xalqaro hamjamiyatning koʻp yillik mojaroni hal etish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirishni muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaydi.

Uchrashuvda Afgʻoniston yoʻnalishidagi ikki davlat hamkorligini mustahkamlash, jumladan, Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyatida Xitoy tomonining ishtirok etishi, turli jabhalarda boshqa qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xitoy tomoni Oʻzbekistonning energetika, transport, logistika va taʼlim sohalaridagi turli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha intilishlarini yuqori baholab, oʻzining Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻlini qurish loyihasini ishlab chiqishga qoʻshilishga tayyorligini bildirdi. Shu munosabat bilan Den Siszyun Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan, butun mintaqaga moʻljallangan, keyinchalik Janubiy Osiyo davlatlariga chiqish imkoniyatini beruvchi mintaqaviy transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihaning ahamiyatini alohida taʼkidladi.

Suhbatda Bishkek shahrida boʻlib oʻtadigan “SHHT — Afgʻoniston” muloqot guruhining yigʻilish kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilayotgan masalalar ham koʻrib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?