Xitoy matbuoti taraqqiyotining siri nimada?

12:06 15 Noyabr 2018 Dunyo
500 0

Omonulla FAYZIYEV, Pekin, “Xalq soʻzi“. Bugun Xitoy Xalq Respublikasi ilgʻor gʻoya va tashabbuslari bilan xalqaro maydonda alohida eʼtirof etilmoqda. Masalan, “Bir makon, bir yoʻl” kabi uzoq muddatga moʻljallangan yirik loyihalar uning boshqa davlatlar bilan munosabatlarini mustahkamlashda muhim omil boʻlayotir. Jumladan, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi aloqalar oʻzaro ishonch hamda doʻstlik tamoyillari asosida, barcha yoʻnalishda kengayib borayotgani diqqatga sazovordir.

Soʻnggi yillarda ushbu mamlakat bilan munosabatlarimiz yanada faol rivojlanganini ikki davlat ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi hamkorlik kuchayganidan ham bilish mumkin. Deyarli har oyda yurtimiz jurnalistlari, texnik-ijodkor xodimlar Xitoyga tashrif buyurib, media olamidagi yangiliklar bilan tanishmoqda, tajriba almashyapti. Qolaversa, xitoylik hamkasblarimiz ham ayni shu maqsadda Oʻzbekistonda boʻlib, televideniye, radio va gazetalar faoliyati bilan qiziqyapti. Yurtimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishayotir.

Shu kunlarda biz, oʻzbekistonlik bir guruh jurnalistlar Xitoy Xalq Respublikasida ijodiy safarda boʻlib turibmiz. Tashrifimiz davomida ushbu mamlakat ommaviy axborot vositalaridagi ilgʻor tendensiyalarni oʻrganish barobarida, Xitoyning turli provinsiyalari, shaharlarining SHHT, “Bir makon, bir yoʻl” doirasidagi iqtisodiy imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumotlar olyapmiz.

Safarimizning dastlabki kunlarida ommaviy axborot vositalarining xitoyliklar hayotida tutgan oʻrni bilan qiziqdik. Qayd etish joizki, televideniye, radio, matbuot va internet-jurnalistika noyob “nou-xau”larni oʻzlashtirgan, texnik imkoniyatlari havas qiladigan darajada. Markaziy va hududiy telekanallarni tomosha qilsangiz, yuqori tiniqlikdagi sifat, yangiliklarni uzatishda tezkorlik, lavha va xabarlardagi rang-baranglik diqqatingizni tort­may qoʻymaydi.

Муаллиф олган сурат

Tarixning ilk qoralamasi

Xitoyda gazetalarga ayni shunday yondashuv keng shakllangan. Yaʼni bugungi matbuot kelajak uchun tarix, muhim manbadir.

Har bir nashr oʻz saytiga ega. Shunday ekan, oʻquvchi faqat onlayn shakl bilan kifoyalansa boʻlmasmikan, degan mulohaza koʻpchilikda tugʻilishi tabiiy. Gap shundaki, saytlar oʻz tartib-taomillaridan kelib chiqib, yangilik hamda voqealarni qisqa va loʻnda qilib uzatadi, ularning toʻliq tafsiloti bilan esa gazeta orqali tanishish mumkin. Matbuotni oʻqish odamni kitobga yoʻnaltiradi, bu esa teran fikrlashga, keng dunyoqarash egasi boʻlishga yoʻl ochadi, deb hisoblaydi xitoyliklar. Umuman olganda, matbuotning bugungi kungacha barqaror rivojlanishiga aholining matbuotga intilishi va davlatning muntazam ravishda gazeta-jurnallarni qoʻllab-quvvatlashini ­asosiy omil sifatida koʻrsatish mumkin.

Besh milliondan oʻn million nusxagacha

Gazetalar adadi jihatidan Xitoy dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Masalan, markaziy nashrlar besh milliondan boshlab, oʻn million nusxagacha chop etiladi. Hududiy gazetalar ham juda rivojlangan. Nafaqat provinsiyalar, balki uning tarkibidagi shahar va tumanlarning oʻz nashr­lari ham boʻlib, ular oʻrtacha ikki million adadda oʻquvchilar qoʻliga yetkaziladi. Ushbu mamlakatda obuna masalasi markazlashgan holda amalga oshiriladi.

Shu oʻrinda mamlakatning eng rivojlangan nashrlari toʻgʻrisida ikki ogʻiz soʻz. “Jenmin jibao” (“Xalq gazetasi”) davlatning bosh nashri hisoblanadi. Mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, yangilanishlar haqida biri-biridan muhim maqolalar, dolzarb reportajlar, qiziqarli intervyular berib boriladi. Xitoyliklar ayni shu jarayonlar haqida gazetadan oʻqishni afzal bilishadi. Mazkur nashrning internet foydalanuvchilari soni ham hayratlantirmay qoʻymaydi — salkam sakkiz yuz million oʻquvchidan iborat.

Bir qancha hududiy tahririyatlar allaqachon yirik xolding kompaniya­larga aylangan. “Chendu”, “Chjeszyan”, “Guanchjou” “Xenan”, “Dajong” kundalik gazetalari faoliyati bunga yaqqol misol boʻla oladi. Ular katta daromad koʻradigan nashrlar ­sanaladi.

Sevib oʻqiladigan gazetalar orasida “Global tayms”, “Gunjen jibao” (“Ishchilar kundaligi”), “Fachji jibao” (“Huquq kundaligi”), “Nunmin jibao” (“Qishloq xoʻjaligi kundaligi”) va ­boshqalarni keltirish mumkin. Yana bir nufuzli gazeta — “China Daily” hisoblanib, u faqat ­ingliz tilida chop qilinadi.

Bugungi kunda mass-mediani yanada taraqqiy ettirish uchun katta sharoit yaratilmoqda. Mamlakatning barcha millat va elatlari tilidagi matbuot zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlandi. Jurnalistlar tayyorlash Davlat ­dasturi hayotga tatbiq etilmoqda.

Milliy qadriyatlarni asrash yoʻlida

Xitoy — ulkan tarix, boy maʼnaviy merosga ega mamlakat. Globallashuv davrida milliy qadriyatlarni asrab-avaylashning oʻzi boʻlmaydi. Shu nuqtai-nazardan bu yerda internetga, undan aholi toʻgʻri foydalanishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Koʻplab ijtimoiy tarmoqlar bazasi xorijiy davlatlarga tegishli ekanligini inobatga olib, Xitoy oʻzining messenjerini yaratishga muvaffaq boʻldi. “WeChat” bu mamlakatning “Tencent” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dasturdir. Uning yordamida xitoyliklar xotirjam maʼlumot almashishlari mumkin.

“OAV miyasi”, virtual teleboshlovchi, tomda bogʻ...

Фото: "Халқ сўзи"

Tashrifimiz doirasida Xitoyning asosiy axborot agentligi “Sinxua”ning yangi media-markazi hamda rasmiy sayti bilan tanishish koʻzda tutilgan edi. Bizni bu yerda samimiy kutib olishdi. Yangi media-markaz soha rivoji uchun koʻmak boʻladigan ishlanmalar yaratish bilan shugʻullanadi. Ana shunday “nou-xau”lardan biri “OAV miyasi” deb nomlanadi. Maxsus qurilma biror anjuman yoki tadbirni kuzatib, uning tafsilotlari haqidagi xabar yoki yangilikni oʻn soniya ichida tayyorlab beradi. Mutaxassislar tadbirga oid axborotni jurnalistlar qancha muddatda tayyorlashi mumkinligini ham tekshirib koʻrishdi. Oʻta chaqqon muxbir bir tadbir toʻgʻrisidagi xabarni tezkor tayyorlashi uchun 15 daqiqa sarflar ekan. “OAV miyasi” dasturi auditoriyaga maʼlumot yetkazishda ortiqcha vaqt sarfini yoʻqqa chiqaradi.

— Media-markazimizning yana bir yangiligi shu kunlarda butun dunyoda katta shov-shuv boʻldi, — deydi “Sinxua” axborot agentligining tashqi aloqalar boshqarmasining hududlar boʻyicha masʼul xodimi Chjan Sze. — Bu sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan va matnlarni mustaqil oʻqiy oladigan virtual teleboshlovchidir.

Sunʼiy intellekt xitoyliklarning ovozi, lab harakati va yuz ifodalarini oʻxshata oladi. U hozircha xitoy va ingliz tillarida dasturlarni olib boradi. Virtual diktor har kuni 24 soat uzluksiz ishlay oladi. Bu esa yangiliklarning tezkor va davomiyligini taʼminlaydi. Bundan ­tashqari, ushbu texnologiya favqulodda axborot tarqatish kerak boʻlgan hollarda juda foydali.

“Sinxua” axborot agentligi Xitoy matbuotining eng muhim tarmogʻidir. Agentlik yuz foiz raqamli texnologiyaga oʻtgan. Uning elektron saytiga bir kunda 100 milliondan ziyod oʻquvchilar kiradi.

“Sinxua” nafaqat Xitoyda, balki dunyoda ham eng yirik xalqaro axborot agentliklari orasida yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. U hozir Oʻrta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Lotin Amerikasi va Afrika hududlarida bosh boshqarmalariga, shuningdek, ­dunyoning turli mamlakatlarida boʻlimlariga ega. Xitoyning barcha hududida muxbirlar punkt­lari mavjud.

Sayt tahririyati bir necha katta-katta xonalarda joylashgan. Hamma bir-birini koʻrib turadi. Lekin har bir ijodiy xodimga gʻoyat qulay ish sharoiti yaratilgan: eng zamonaviy kompyuter, yagona lokal tarmoq, harakatlanuvchi kursi. Har bir xodim oʻrni atrofi oyna bilan oʻralgan yarim aylana stol va 9 kvadrat metr joydan iborat. Jurnalistlar qisqa vaqt dam olishi uchun bino tomida bogʻ ham yaratilgan.

Bizga maʼlumotlar joylanayotgan bosh sahifani koʻrsatishdi. Unda matn, fotosuratdan tashqari, videotasvirlar, harakatdagi sxema, diagrammalar ham bor edi. Voqelik haqida batafsil maʼlumot berish uchun dron (uchuvchisiz video qurilma)lardan foydalaniladi. Bu qurilma boshqariladi. Uning yordamida havodan turib istalgan hududni tasvirga olish mumkin. Bunday tasvirlar matn­ni toʻldiradi, voqea haqida batafsil maʼ­lumot taqdim etadi. Agar voqea yer osti shaxtasi, suv ostida roʻy bergan boʻlsa, kompyuterlar orqali “tiklovchi” animatsion tasvir yaratiladi. Bu usul ham oʻquvchilar eʼtiborini kengroq jalb etishga xizmat qiladi.

Ijodiy safar davom etyapti. Biz turli provinsiyalardagi boshqa OAV ­faoliyati bilan ham tanishamiz. Ular haqida navbatdagi materiallarimizda hikoya qilamiz.

* * *

...Bugungi matbuot kelajak uchun tarix, muhim manbadir. Yana bir jihati, chinliklar mutolaaga, matbuotga alohida eʼtibor berishadi. Koʻcha-koʻyda gazeta doʻkonlari koʻp. Aholi bu yerda bir qancha nashrlarni muntazam ravishda xarid qiladi. Pochta xizmati ham samarali yoʻlga qoʻyilganki, oʻquvchi obuna boʻlgan gazeta, u bir kunda ikki mahal, yaʼni kunduzgi va kechki sonlari chiqishiga qaramay, tezkorlikda yetkazib beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?