Xitoy kompaniyalarining Oʻzbekiston quritilgan mevalariga qiziqishi ortmoqda

17:58 30 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
267 0

Mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasida “Beijing GOKO Investment Management Co., LTD” kompaniyasi bosh menejeri Xu Ning bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mazkur kompaniya qadoqlangan quruq mevalar va quritilgan dengiz mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniya hisoblanadi.

Xu Ning Oʻzbekistonda tayyorlangan sifatli va tabiiy quritilgan mevalarning Xitoy bozoriga yetkazib berilishidan manfaatdorlik bildirdi.

Uchrashuv chogʻida mamlakatimiz zaminida yetishtirilgan qora mayiz, quritilgan olxoʻri va boshqa quruq mevalarni Xitoyga eksport qilinishi bilan bogʻliq masalalar atroflicha muhokama etildi. Kompaniya vakillariga elchixona xodimlari tomonidan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari taklif etayotgan mahsulotlarning namunalari taqdim etilgani barobarida, quritilgan mevalar sifatiga qoʻyiladigan talablar hamda logistika bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ham oʻzaro fikr almashildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha 2020-yilning oxiriga qadar Xitoyga Oʻzbekistondan 500 tonna qora mayiz yetkazib berilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, “Beijing GOKO Investment Management Co., LTD” rahbari oʻz kompaniyasining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish va bundan keyin ham oʻzaro hamkorlikni davom ettirish masalalarini muhokama etish uchun mamlakatimiz korxonalari vakillarini Pekin shahriga taklif etdi.

Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining Xitoy bozoriga yetkazib berilishi yuzasidan yoʻlga qoʻyilgan tizimli ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?