Xitoy kompaniyalari Namanganda yana qanday loyihalarda ishtirok etish niyatida?

09:52 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
676 0

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investorlar tomonidan tashkil etilib, viloyatda faoliyat olib borayotgan “Namangan Qianxing Invesment” xorijiy korxonasi delegatsiyasini qabul qildi. Xitoylik investorlar, bugun Oʻzbekiston Chin yurti sarmoyadorlari uchun asosiy jozibador yoʻnalishlardan biriga aylanganini taʼkidlab, yaqin davrda Oʻzbekiston Xitoy investitsiyalari jalb etish hajmi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻringa chiqishi kutilayotganini qayd etishdi. Bu borada Namangan viloyatida xorijiy investorlarga, xususan xitoylik sarmoyadorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda sharoitlarni alohida tilga olgan mehmonlar hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Namangan shahrining Koʻzagarlik koʻchasida 4 gektar yer maydonida barpo etilayotgan “Mehmonxona, shopping-mol hamda koʻp qavatli turar-joy kompleksi“ loyihasini amalga oshirayotgan “Namangan Qianxing Invesment” kompaniyasi vakillari ishning borishi haqida viloyat hokimiga maʼlumot berishdi.  25-dekabr kuni qurib bitkazilishi koʻzda tutilayotgan ikki qavatli “Sotish ofisi” ochilishida loyihaning yalpi taqdimotini tantanali ravishda oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv davomida Namangan viloyatida amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan yangi yirik loyihalar muhokama qilindi. “Namangan Qianxing Invesment” rahbari Xung Yui Jen hamkorlari bilan birlikda Namanganda Xitoy sarmoyasini jalb etgan holda moliyaviy fond tashkil etish istagida ekanliklarini aytdi. Xayrullo Bozorovning viloyatda tashkil etish yuzasidan ish olib borilayotgan Namangan investitsion bankiga ulushdor sifatida qoʻshilish taklifi xitoylik investorlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Uchrashuv yakunida 78 gektar maydonda barpo etiladigan “Namangan city” xalqaro ishbilarmonlik markazi, “Yuksalish”massivida 50 gektarlik hududda qad koʻtaradigan “Smartsiti” ekologik toza zamonaviy shaharcha, Margʻilon koʻchasida 65 gektar maydonda quriladigan zamonaviy turar-joylar, mehmonxona va savdo markazi majmuasi loyihalarida “Namangan Qianxing Invesment” kompaniyasini ishtirokini koʻzda tutgan hamkorlik kelishuvlari imzolandi.

Mehmonlar, Namanganni qaytadan bunyod etish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli loyihalarda oʻz ishtiroklari uzoq muddatli boʻlishini hisobga olgan holda zamonaviy texnologiyalar bilan ishlaydigan gʻisht zavodi qurish rejalarini ham bayon qildilar. Ushbu zavodni qurish borasida ham viloyat hokimligi hamda “Namangan Qianxing Invesment” oʻrtasida kelishuvga erishildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. 
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?