Xitoy yilning eng muhim tadbiriga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

11:03 11 May 2018 Siyosat
580 0

Pekindan maxsus muxbirimiz Omonulla FAYZIYEEV xabar qiladi.

Yana bir oydan so‘ng Sindaoda SHHTning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Dunyoda turli mamlakatlar manfaatlari mushtarakligini ta’minlovchi tuzilmalar, tashkilotlar ko‘p. Ular odatda ishtirokchilarni ko‘p tomonlama munosabatlarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalar rivojidagi maqsadlar yo‘lida birlashtiradi. Biroq hamma vaqt ham ko‘zlangan natijaga erishish oson kechavermaydi. Bugungi kunda shunday tuzilma mavjudki, uning faoliyati nafaqat unga a’zo mamlakatlar rivojida, balki jahon hamjamiyati taraqqiyotida ham muhim o‘rin egallab kelayapti. Natijada uning nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda. Bu, hech shubhasiz, Shanxay hamkorlik tashkilotidir.

Mazkur xalqaro tuzilmaga 2001 yil 15 iyunda O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston hamda Qirg‘iziston davlatlari tomonidan asos solingan. SHHT ayni paytda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni rivojlantirish, jahonda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Tashkilotning 2016 yilgi Toshkent sammitida Hindiston Respublikasi hamda Pokiston Islom Respublikasining SHHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risida memorandumlar imzolangan edi. O‘tgan yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan sammitda bu ikki davlat tashkilot a’zoligiga qabul qilindi. Endilikda SHHT ekspertlar tomonidan “Jadal rivojlanayotgan sakkizlik”, deya alohida e’tirof ham etilayapti.

Bayrog‘imiz baland hilpiramoqda

Joriy yilda SHHTga Xitoy Xalq Respublikasi raislik qilayapti. Yana bir oydan keyin Sindao shahrida ushbu tashkilotning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda keng jamoatchilik e’tibori aynan shu siyosiy tadbirga qaratilgan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Xo‘sh, mintaqa hayotidagi yilning muhim voqeligiga qay tariqa tayyorgarlik ko‘rilayapti? Bu galgi sammit avvalgilaridan qaysi jihatlari bilan farqlanadi? Yakunda qanday natijalarga erishish ko‘zda tutilgan?

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan SHHTga a’zo davlatlar ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil qilingan tadbirda ana shu savollarga batafsil javob berildi. Avvalo, shuni aytish kerakki, mazkur tadbirda O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning yetakchi telekanallari, axborot agentliklari, gazetalari vakillari ishtirok etmoqda.

Dasturga muvofiq, safarimizning ilk kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh qarorgohiga tashrif buyurdik. Majmua Pekin shahrida joylashgan. Bosh qarorgohda tashkilot kotibiyati mutasaddilari, xodimlari bizga peshvoz chiqishdi. Bino ichkarisiga kirganimiz zahoti ona tilimizdagi “Assalomu alaykum, yaxshi keldinglarmi?” degan kalom qalblarimizni to‘lqinlantirib yubordi. Bu so‘zlar ayni paytda tashkilot ma’muriyatida referent hamda ommaviy axborot vositalari bilan ishlashga mas’ul etib tayinlangan xodim, yurtdoshimiz Miraziz Mirsaidovga tegishli edi. U jurnalistlarga SHHT bosh qarorgohi haqida to‘liq ma’lumot berib, bu yerdagi tarixiy hujjatlar, noyob buyumlar bilan tanishtirdi.

Muzeyga o‘xshash bosh qarorgoh

Dastavval bosh qarorgoh hovlisidagi “Do‘stlik bog‘i”ni aylandik. Ushbu joyga kelgan kishi e’tiborini, avvalo, bu yerdagi ulkan tosh tortishi, shubhasiz. Ma’muriyat mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, bu tosh oddiy emas, u koinotdan tushgan meteorit. Buyuk Ipak yo‘lining Xitoy hududi qismidan topilganligi uchun ham Chin yurti hukumati uni bosh qarorgohga sovg‘a qilgan. Bu yerdagi juda qadimiy daraxt ham -e’tiborni tortadi. Qolaversa, 2016 yilda tuzilma tashkil topganligining 15 yilligi munosabati bilan o‘sha paytda a’zo bo‘lgan oltita davlat tashqi ishlar vazirlari bosh qarorgohdagi “SHHT maysazori” nomi berilgan boqqa o‘tkazishgan qarag‘ay daraxtlari o‘tgan ikki yil mobaynida ko‘kka bo‘y cho‘zibdi. Buni SHHT rivojiga mengzasak, yanada to‘g‘ri bo‘ladi. Yaqin vaqtlar ichida tuzilmaga yangi qo‘shilgan Pokiston va Hindiston vakillari ham o‘z daraxtlarini ekishadi...

Bosh qarorgoh binosi xonalariga SHHTga a’zo davlatlar poytaxtlari nomi berilgan. Ayni paytda “Toshkent”, “Pekin”, “Moskva”, “Ostona”, “Dushanbe” hamda “Bishkek” nomli xonalar mavjud. Ularning har biri o‘sha mamlakatlar urf-odatlari, an’analari, milliy merosi kabi jihatlardan kelib chiqib bezatilgan. “Toshkent” xonasining o‘ziga xos tarafi shunda ekanki, bu yer ko‘pincha tezkor yig‘ilishlar, muloqotlar o‘tkaziladigan maydon ham sanalarkan.

“SHHT Xartiyasi” deb nom berilgan xonadan esa tashkilotning tuzilishi bilan bog‘liq noyob hujjatlar, buyumlar o‘rin olgan. Uning kutubxonasida tuzilmaga a’zo mamlakatlar haqidagi kitoblar, davlatlar rahbarlarining risola-to‘plamlari, tarixiy suratlarni ko‘rishimiz mumkin.

Tinchlik va xavfsizlik yo‘lida

Majmuaning diqqatga sazovor joylarini ko‘rib bo‘lganimizdan so‘ng majlislar zalida SHHT Bosh kotibining o‘rinbosari Vladimir Potapenko bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Mutasaddi O‘zbekiston, uning keyingi ikki yil ichida mintaqa taraqqiyotida tutayotgan muhim o‘rni haqida ham so‘zladi.

— Global xavfsizlikka tahdid solayotgan xatarlarga faqat bir mamlakatning sa’y-harakati bilan barham berib bo‘lmaydi, — dedi V. Potapenko. — Bu yo‘lda o‘zaro hamkorlik, bamaslahat ish ko‘rish muhim ahamiyatga ega. Tashkilotimiz aynan shu maqsadlarga konsensus asosida erishishni ko‘zlab tuzilgan. Bugungi kunda iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda ham sezilarli natijalarga erishilayotgani e’tiborga molik. Tashkilot faoliyati rivojida O‘zbekistonning roli katta. Misol uchun, SHHTning -xalqaro aloqalarini rivojlantirish, me’yoriy-huquqiy poydevorni mustahkamlash, SHHT Xartiyasidagi maqsadlar, vazifalar hamda tamoyillardan kelib chiqib, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq tashabbuslarni ilgari surish hamda ularni hayotga tatbiq etishda mamlakatingizning faolligi tahsinga sazovor.

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosat nafaqat O‘zbekiston yoki mintaqa taraqqiyoti uchun, shu bilan birga, SHHT nufuzining keskin oshishiga turtki bo‘lmoqda. Bu jihatlar yon qo‘shnilar bilan munosabatlar ijobiy tomonga o‘zgargani misolida yaqqol ko‘rinadi. Qisqacha aytganda, O‘zbekiston yuritayotgan ochiq tashqi siyosat tashkilotimizning ko‘zlagan maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Sindaoda bo‘lib o‘tadigan sammitga tayyorgarlik yumushlari o‘tgan yil Ostonadagi anjumanimiz yakunlanishi bilan boshlangan edi. Xitoy tomoni bu muhim tadbirning tashkiliy hamda boshqa masalalariga allaqachon tayyorgarlik ko‘rib qo‘ydi. Hozirgi payt-da biz ayrim hujjatlar ustidagi ishlarni yakunlash arafasidamiz. “Bu yilgi Sindao sammiti avvalgilaridan nimasi bilan farqlanadi?” degan savolingizga javob beradigan bo‘lsam, avvalambor, safimiz kengaydi. Tabiiyki, yakunda qabul qilinadigan deklaratsiya shu nuqtai nazardan dolzarbdir. Ikkinchidan, joriy yilda Prezidentlar ilk bor yoshlar masalasi bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bildiradilar. Bu masalada bizga O‘zbekiston tomoni katta ko‘mak bermoqda. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida yosh avlod masalasi haqida juda muhim takliflarni ilgari surgan edi. Darhaqiqat, yoshlar — bizning ertamiz. Shu jihatdan masalaning dolzarbligini inobatga olib, sammit kun tartibida bu yo‘nalish ilk marta ko‘rib chiqiladi. Umuman olganda, Sindao deklaratsiyasi bugungi davrimizning eng muhim masalalarini o‘zida mujassam etadi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?