Xitoy grantlar bilan amerikalik olimlarni nega oʻziga jalb etmoqda?

13:03 17 May 2020 Dunyo
196 0

Amerika Qoʻshma Shtatlari Xitoy tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy josuslikka qarshi kurashni kuchaytirmoqda. Bu haqda “Amerika ovozi“ teleradiosi.
“Yaqinda amerikalik bir professor Xitoydan xufiyona grant olganlikda aybdor deb topildi, yana ikki kishi tergov ostida, — deb yozadi mazkur manba. — Shuningdek, AQSH Federal qidiruv byurosi va Ichki xavfsizlik vazirligining ogohlantirishicha, Xitoy hukumatiga aloqador xakerlar koronavirusga qarshi vaksina va dori topish boʻyicha tadqiqotlarni oʻgʻirlashga harakat qilmoqda.

Hozirda AQSHda pandemiya sabab federal sudlar yopiq, davlat xizmatchilarining aksariyati uydan ishlamoqda. Biroq xavfsizlik boʻyicha mutasaddilarning aytishicha, Xitoy tomonidan intellektual mulk oʻgʻirlanishiga qarshi kurash va tergov ishlari davom etadi.

“Adliya vazirligi professor va tadqiqotchilarni Xitoy uchun ishlashga jalb qiladigan “Ming bir isteʼdod” singari dasturlarni hushyorlik bilan kuzatmoqda”, — deydi AQSH Adliya vaziri yordamchisi Jon Demers.

“Ming bir isteʼdod” dasturi amerikalik va boshqa chet ellik olimlarni Xitoyda ishlashga yoʻnaltiruvchi 200 dan ortiq rejalardan biridir. Xitoy rasmiylari ushbu programmalar nimani koʻzlashini yashirmaydi: oʻta muhim boʻlgan intellektual mulkka ega boʻlish. Vashingtonga koʻra esa boshqa bir maqsad ham bor: AQSH texnologiyalari va savdo sirlarini oʻgʻirlash.

Joriy hafta eʼlon qilingan jinoiy ishlar Xitoyga ishlaganini berkitgan amerikalik tadqiqotchilar, shuningdek, intellektual mulkni Xitoyga ruxsatsiz berish xavfi boʻlgani bilan bogʻliq.

Maxfiy hamkorlik

Oʻtgan hafta Arkanzas Universitetida elektrotexnika boʻyicha professor Saymon Ang AQSH Fazo boshqarmasidan grant olayotib, Xitoy hukumati va kompaniyalari bilan aloqada ekanini yashirgani uchun hibsga olindi. Hibs ketidan universitet uni ishdan boʻshatgan.

Emori Universiteti sobiq professori Syao-Zyan Liga Xitoyning “Ming bir isteʼdod” dasturi bilan hamkorligini yashirgani uchun bir yillik shartli jazo belgilandi.

AQSHda nufuzli Klivlend klinikasi xodimi, doktor Zin Van esa firibgarlik aybi bilan hibsga olindi. U AQSH Sogʻliqni saqlash institutidan 3,6 million dollarlik grant olish arizasida bir paytning oʻzida Xitoydan ham tadqiqot uchun pul olganini oshkor qilmagan. Klinika uni ishdan oldi.

“Shu kabi yuqori darajadagi tergovlar ommaga maʼlum qilinyapti. Bundan maqsad AQSH bu turdagi faoliyatni kuzatib borayotgani haqida Xitoyga bildirib qoʻyish”, — deydi advokat Pol Chen.

Uning aytishicha, uch holat AQSH huquq-tartibot organlari Xitoy nishonida boʻlgan ilmiy doiralarga eʼtiborni oshirayotganini koʻrsatadi.

“Xitoy Qoʻshma Shtatlardan intellektual mulkni qoʻlga kiritishning azaliy usullaridan biri aynan ilmiy tadqiqot institutlari orqali”, — deydi Chen.

Asosiy buzgʻunchi

Amerika intellektual mulkining oʻgʻirlanishi boʻyicha komissiya maʼlumotiga koʻra, bu turdagi jinoyatdan AQSH iqtisodiyoti har yili milliardlab dollar ziyon koʻradi va bu sohada asosiy buzgʻunchi Xitoydir.

Pol Chan soʻzlariga koʻra, Xitoy talaba va olimlar kabi noanʼanaviy subyektlardan foydalanishi tijoriy sirlarning oʻgʻirlanishiga qarshi kurashni qiyinlashtiradi.

“Xitoy oddiy odamlarni, akademik, professor va talabalarni muvaffaqiyatli ravishda ishga yollaydi. Ular dastlab Xitoy hukumati uchun ishlamaydi, biroq sekin-asta koʻprik rolini bajarish uchun turli yoʻllar bilan ragʻbatlantiriladi”, — deydi u.

Oxirgi uch yilda AQSH Adliya vazirligi Xitoyning iqtisodiy josuslik amaliyotlariga eʼtiborni oshirgan. 2018-yilda vazirlik “Xitoy tashabbusi” nomli loyiha boshlab, hozirgacha 20 dan ziyod josuslik va intellektual mulk oʻgʻriligi bilan bogʻliq ishlarda ayblovlar eʼlon qilgan.

Yil boshida AQSH Federal qidiruv byurosi rahbari Kristofer Rey iqtisodiyotning har bir sektorida Xitoy tomonidan AQSH texnologiyalarining oʻgʻirlanishiga doir taxminan 1000 tergov ishi olib borilayotganini aytgan edi. Tergovlar baʼzida bir necha yilga choʻzilsa-da, soʻnggi oylarda natija bera boshlagan.

Yanvar oyida Garvard Universitetining taniqli kimyogar professori Charls Liber Xitoy hukumatidan ilmiy tadqiqot uchun grant olgani xususida tergovchilarga yolgʻon maʼlumot bergani uchun hibsga olindi.

Mart oyida Gʻarbiy Virjiniya Universiteti professori Xitoyning “Ming bir isteʼdod” dasturida ishlagani yuzasidan firibgarlikda ayblandi.

Federal prokurorlar va Federal qidiruv byurosi agentlari agressiv xabardorlik kampaniyasini ham olib bormoqda. Olimlar va xususiy kompaniyalarda ishlaydigan tadqiqotchilar bilan Xitoyning josuslik dasturlari haqida suhbatlar oʻtkazib turiladi.

“Intellektual mulkni boshqalar oʻzlashtirishi AQSHni xavotirga soladi. Katta bir muammo shundaki, professorlar Xitoydan pul olganini yashirishi intellektual mulkning Xitoyga oʻtishiga imkon yaratmayaptimi?” – deydi Xeritej jamgʻarmasi olimi Din Cheng.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?