Xitoy fuqarolarining Rossiyaga kirishi taqiqlandi

00:25 19 Fevral 2020 Siyosat
176 0

Foto: www.google.com

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Xitoy fuqarolarining mamlakat hududiga kirishini vaqtincha taqiqlovchi farmoyishni imzoladi. Farmoyish 20-fevral, payshanba kunidan boshlab kuchga kiradi.

Hujjatda turizm sayohatlari, xizmat va taʼlim, shuningdek, shaxsiy maqsadlarni koʻzlab Rossiyaga kelayotgan xitoyliklarga mamlakat hududiga kirishiga vaqtincha taqiq qoʻyish masalasi koʻtarilgan.

Qaror Xitoy Xalq Respublikasidagi epidemiologik vaziyatning murakkablashuvi tufayli u yerdan Rossiya Federatsiyasi hududiga koʻplab xitoyliklar oqimi kirib kelayotgani bilan bogʻliq ravishda qabul qilingan.

Rossiyaning ikki nafar fuqarosi ham koronavirusga chalingan. Ular Diamond Princess kruiz layneri ichida ushbu virusni yuqtirib olgan. Kema gonkonglik yoʻlovchida koronavirus aniqlanganidan keyin ikki haftalik karantinga olingan.

Rossiya koronavirusga qarshi kurash doirasida Xitoy bilan chegarani qisman yopgan, temir yoʻl qatnovlarini toʻxtatgan va aviaqatnovlarni ham cheklab qoʻygandi.

Eslatib o'tamiz, yangi turdagi koronavirusning Xitoyda tarqalishi 2019-yilning dekabr oyida Xubey provinsiyasining Uxan shahrida boshlangan. 18-fevral holatiga koʻra, butun dunyoda 73 ming nafar odam ushbu kasallikka chalingan (shundan 72 ming nafari — Xitoy hududida virus bilan kurashmoqda). Koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniyadan vafot etganlar soni 1868 nafarni tashkil qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?