Xit qilayotgan “xit” qoʻshiqlar

05:26 24 Yanvar 2019 Jamiyat
706 0

Illyustrativ foto

Bugun insoniyat taraqqiyot asrida yashamoqda. Qaysi sohada boʻlmasin, rivojlanish, yuksalishni koʻryapmiz. Shunga mutanosib tarzda inson ongi, dunyoqarashi, fikrlashi ham tobora oʻsib borayotir. Endi oddiy narsa bilan odamlarni hayron qoldirish qiyin. Shu nuqtai nazardan, sanʼat sohasida ham raqobat kuchaygan. Biroq baʼzan “qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarish” holatlari ham uchrab turibdiki, bundan koʻz yumib boʻlmaydi.

Gap shundaki, hamon yengil-yelpi qoʻshiqlar ham yaratilib, konsertlarda ijro etilmoqda, efirga uzatilayotir. Afsuski, qofiya, turoqsiz, tumtaroq, matni gʻaliz, maʼnaviyatimizga zid, koʻcha tiliga yaqin soʻzlardan iborat qoʻshiqlar ham kuylanmoqda. Yosh xonandalar tezroq tanilish uchun shon-shuhrat ortidan quvib, yoshlarbop yoki zamonaviy til bilan aytganda, “xit” qoʻshiq yarataman deb, boʻlar-boʻlmas kliplar tayyorlatyapti. Ashula matni ham klipga mos — yengil-yelpi, mazmunan sayoz.

Maʼnosi yoʻq gapdan mazmunsiz “sheʼr”largacha...

Soʻnggi paytlarda telekanallar orqali tez-tez yangrayotgan bir ayol xonandaning “Balle-balle” deb nomlangan qoʻshigʻida foydalanilgan soʻzlarga eʼtibor qiling: “Balle-balle, balle-balle, Oʻynab kulinglarde, Doim xursand yashab, ayting balle-balle”. Xoʻsh, biror maʼnaviy yuki bormi bu soʻzlarning?!

Yana bir ayol xonandamiz tomonidan ijro etilgan “Sakramento” deb nomlangan qoʻshiq matnida shunday soʻzlar keltirilgan: “Logika-logikali, fizika-fizikali, musiqa-musiqali... Boʻldi, boʻldi yigʻlamento, Buzilmasin kosmetiko, Koʻz yoshlarim tomchilatma logika-logikali...” Bu qoʻshiqda na maʼno, na mantiq bor.

Bir estrada guruhi tomonidan aytilgan qoʻshiqda esa: “Bilmadim-bilmadim, Man hali dunyo koʻrmadim, Bir oy boʻlamiz turisto, Suv osti olami Jak-Iv Kusto”. Buni qoʻshiq deb atash mumkinmi? Nahot ayrim xonandalar zamonaviy estradani shunday tasavvur etishyapti?

Bugun aksariyat qoʻshiqchilarning matnni oʻzi yozishi, musiqasini ham oʻzi bastalashi koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Xonandalarning sheʼr yozishiga qarshiligimiz yoʻq. Qoʻlidan kelsa, yozsin. Ham qoʻshiq kuylashni, ham unga sheʼr yozishni qoyil qiladigan sanʼatkorlarimiz ham yoʻq emas. Lekin shunchaki ohangga moslab, oldi-qochdi soʻzlardan gap yasab aytilgani bilan qoʻshiq boʻlib qolmaydi-ku!

Muammoning yechimi bormi?

— Tan olishimiz kerakki, keyingi yillarda milliy estradamizda ayrim kamchilik va qusurlar koʻzga tashlanmoqda, — deydi “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi masʼul xodimi, Badiiy kengash aʼzosi Matluba Temur qizi. — Albatta, guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, astoydil mehnat qilib, oʻzining isteʼdodi va mahorati tufayli qoʻshiqchilik sanʼatimizni boyitishga oʻz ulushini qoʻshib kelayotganlar bilan birga, sohaga adashib kirib qolgan, sanʼatni pul topishning oson yoʻli yoxud bir ermak deb biladiganlar ham bor. Agar ularni ikki toifaga ajratadigan boʻlsak, birinchi toifa vakillari ustoz koʻrgan, sohada suyagi qotgan, musiqa nazariyasi, nota yozuvi, garmoniya, ovoz ishlata bilish mahorati kabi darslarni oʻtagan professional ijrochilar boʻlsa, ikkinchi toifadagilar shunchaki havaskorlar, yaʼni bu sohada oʻqimagan, maʼlumotga ham ega boʻlmagan, taʼbir joiz boʻlsa, birov kuylagan qoʻshiqqa labini qimirlatib turadiganlar toifasidir. Aynan ana shunday ijrochilar koʻpayib ketgani bois qoʻshiqchilik sanʼatimizda muammolar urchimoqda.

Har bir xonanda yo ijrochi, avvalambor, ijod qilish huquqiga ega. Biz ularning yoʻlini toʻsib qoʻyishga haqqimiz yoʻq. Ammo ular bilan davra suhbatlarida doim “shoir, xonanda, bastakor” uchligi hamkorligini mustahkamlash borasida tushuntirish ishlari olib boramiz. Oʻzimiz xonandalarga professional shoirlarning sheʼrlaridan tanlab, saralab, tavsiyalar beramiz. Endi bu yogʻi ijrochining didi, saviyasi, bilimi, intellektual salohiyatiga ham bogʻliq.

* * *

Botir Ergashev, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi Qoʻshiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash boʻyicha Badiiy kengash aʼzosi, shoir:

— Sanʼatning biror yoʻnalishiga Badiiy kengashning qarshiligi yoʻq, kim qaysi yoʻnalishda ijod qilishni xohlasa, marhamat. Faqat xonanda xoh milliy estrada ijrochisi boʻlsin, xoh rep, yoki rok yoʻnalishida ijod qilsin, avvalo, ijro etmoqchi boʻlayotgan qoʻshiqqa har jihatdan munosib matn tanlasin. U qoʻshigʻi orqali tinglovchiga nima bermoqchi ekanini yaxshi anglashi zarur. Har bir xonanda “Muxlislarning maʼnaviy dunyosiga qay tarzda kirib borishim kerak, shinavandalarning estetik zavq olishi uchun nima qilsam toʻgʻri boʻladi?”, degan savollarni oʻz-oʻziga berib koʻrsin.

Afsuski, koʻngilni bir oz xira qiladigan holatlar ham uchrab turibdi. Bugun qoʻshiqlarda kuzatilayotgan salbiy holatlardan biri — qoʻshiqchilarning matn, yaʼni sheʼr tanlay olmasligi. Masalan, qoʻshiqlarda foydalanilgan “Bum-bum bumerang, qaytib kelar bumerang”, “Mening otam kapitan, uyimizda kapitan, samolyotda kapitan, paroxodda kapitan”, “Dum-dum, taki-taki dum-dum”, “Kel bagʻrimga, men seni his qilay” kabi yengil-yelpi, hirsga yoʻgʻrilgan, quruq, mantiqsiz, pala-partish tuzilgan soʻzlar yigʻindisini sheʼr deyish mumkinmi?

Qoʻshiqqa matn tanlash bir tomon-u, unga ishlangan kliplar bir tomon boʻlyapti. Qoʻshiqlar va ularga ishlangan kliplar Badiiy kengash tasdigʻidan oʻtmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasiga malomatlar yogʻdirib, kengashni “senzura” deb atayotganlar adashadi. Kengash aslo undaymas, balki jamoatchilik fikrini oʻrganib, shu yoʻsinda faoliyat olib boradi.

Axir erkinlik degani sanʼatni shahvatga, adabiyotni jaholatga aylantirish, degani emas-ku! Badiiy kengashning maqsadi qoʻshiqchilarning ijodiga xalaqit berish yoki toʻsiq qoʻyish emas, balki ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, qusur va kamchiliklarini bartaraf etishga yoʻnaltirish, milliy sanʼatimiz rivojiga hissa qoʻshishdan iborat.

Havaskor xonandalarni kimlar “erkalatyapti”?!

— Yana bir muhim jihat haqida toʻxtalmasdan ilojimiz yoʻq, — deya soʻzida davom etadi suhbatdoshimiz Matluba Temur qizi. — Tasavvur qiling, tashkilotimizda 16 nafar xodim ishlaydi. Respublikada necha ming xonanda ijod qiladi-yu, ularning qanchadan-qancha yaratgan qoʻshiqlari bor. Biz hammasining ortidan quvlab yurolmaymiz-ku, axir? Qolaversa, bemaza qoʻshiqlarni kim targʻib qilyapti? Nodavlat xususiy kanallar emasmi?

Deylik, xonanda bemaza “qoʻshiq” tayyorlab oynai jahonga taqdim etdi. Bundan biz mutlaqo bexabarmiz. Xoʻsh, nega endi oynai jahonda faoliyat yuritayotgan muharrirlar, mutasaddilar oʻsha qoʻshiqni efirga, keng jamoatchilikka uzatadi? Qaytarsin! Ming afsuski, tijorat kanallari moʻmaygina kelib turgan daromadni qaytarmaydi-da...

Bir kunda bu “qoʻshiq”lar takror va takror aylanaverib yoshlarning qulogʻiga singib ketadi, ong zaharlanadi, uning taʼsiriga tushib fikrlash, mushohada qilish, tom maʼnodagi sanʼat bilan havaskorlik darajasidagi sanʼatning farqiga ham borolmaydigan, didi past kimsaga aylanadi-qoladi. Bir qaraganda unchalik xavotirga oʻrin yoʻqdek, ammo chuqurroq oʻylab koʻrsangiz, bu juda qoʻrqinchli va ayanchli holat.

Nazarimizda, xonandalar ishni oʻzlarini isloh qilishdan boshlashlari kerak. Bu qoʻshiq kuylash masʼuliyati, xalq oldidagi yuksak masʼuliyat, sahnaga boʻlgan masʼuliyatdir.

Ijodkorlar ham telekanallar “didi”ga moslashyapti...mi?!

Badiiy kengash mutaxassislarining aytishlaricha, yana bir muammo: ayrim telekanallar Badiiy kengash muhokamasidan muvaffaqiyatli oʻtgan saviyali qoʻshiqlarni “Bizning formatimizga toʻgʻri kelmaydi”, degan vaj bilan rad etayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Xonandalar baʼzan bunday munosabatdan nolib qoladilar. Shu sababli koʻzga koʻringan tuppa-tuzuk qoʻshiqchilar ham oʻz ijod namunalarini telekanallar “didi”ga moslashtirishga majbur boʻlishyapti. Oxir-oqibat yaxshi ijod mahsuli yaroqsiz holatga kelib qolmoqda.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Negadir soʻnggi paytlarda mumtoz shoirlarimiz gʻazallariga murojaat qilish kamayib ketdi. Mayli, estrada xonandalari mumtoz yoʻnalishda qoʻshiq aytishmasin, biroq gʻazallardan foydalanib, yaxshi qoʻshiq yaratish mumkin-ku! Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Ozodbek Nazarbekov buyuk mumtoz shoirlar Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga murojaat qilib, ularning gʻazallariga qoʻshiq yozdi. Milliy estrada yoʻnalishida aytilgan bu qoʻshiqlar sanʼat shinavandalariga manzur boʻldi. Pirovardida klassik adabiyotga murojaat etib ham, estradada ijod qilish mumkinligi isbotlandi.

Fikrimizcha, “xit” qoʻshiq yaratish ona tilimizning buzilishi, uni oyoqosti qilish hisobiga boʻlmasligi lozim. Qolaversa, bunday qoʻshiqlar qalblardan joy olmaydi — tezda unutiladi.

Shahzod GʻAFFOROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?