Xelsinki+45: Majburiyatlar dolzarbligi Oʻzbekiston misolida

22:10 29 Avgust 2020 Siyosat
226 0

2020-yil 28-avgust kuni “Xelsinki+45: YEXHTning barcha 57 ta aʼzo davlati uchun hozirgi bosqichda majburiyatlar dolzarbligi Oʻzbekiston misolida” mavzusida xalqaro onlayn anjuman boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Narbaeva, mamlakatimizda akkreditasiyadan oʻtgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar, YEXHT Kotibiyati va institutlari, Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari, TIV, huquqni muhofaza qilish va sud organlari vakillari, akademiklar, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Xelsinki yakuniy hujjati ahamiyati, hozirgi vaqtda uning dolzarbligi, Oʻzbekiston Respublikasi va YEXHT oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Videokonferensiya ishtirokchilar YEXHT oldida oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarish boʻyicha Oʻzbekiston saʼy-harakatlariga yuqori baho berildi. Bu 2017-2021-yillarda rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham aks etgan.

YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor soʻnggi toʻrt yil ichida Oʻzbekiston jadal rivojlanganligini va respublika YEXHT majburiyatlarini toʻliq bajarganligini taʼkidladi. “2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining qoidalari YEXHTning asosiy tamoyillariga toʻliq mos keladi”, - dedi u.

Albaniyaning YEXHTga 2020-yilda raisligini tashkil etish va oʻtkazish departamenti rahbari Inid Milo soʻnggi bir necha yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi va YEXHT hamkorligi rivojlanib borayotganligini taʼkidladi. “Biz har uchala yoʻnalishda ham Oʻzbekistonning keyingi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz”, dedi u.

Tadbir ishtirokchilari birinchi navbatda Prezident Sh.M.Mirziyoevning saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyoda siyosiy muhit tubdan oʻzgarganligiga eʼtibor qaratdilar. YEXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Tuula Yuryola mintaqada barqarorlikni taʼminlashda Oʻzbekistonning muhim rolini taʼkidladi.

Shuningdek, anjumanda COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan global va mahalliy muammolar haqida soʻz yuritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Narbaeva koronavirus pandemiyasi davrida aholining zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, pandemiya oqibatlarini yumshatish boʻyicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari BMTning homiyligida pandemiya davrida davlatlarning xalqaro ixtiyoriy majburiyatlar kodeksini qabul qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston tashabbusi haqida xabardor etildi.

Tadbir natijasida Oʻzbekiston va YEXHT oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?