“Xavotirga oʻrin yoʻq” — Anhor ustidan oʻtgan piyodalar koʻprigining holatiga izoh berildi

23:15 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
365 0

Poytaxtning Navroʻz bogʻidagi Anhor ustidan oʻtuvchi piyodalar koʻprigining fotosuratlari elektron ommaviy axborot vositalarida tarqatilmoqda va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning holatidan xavotirda. 

Ushbu holatga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” oʻz munosabatini bildirdi.

“Bunday holatga befarq boʻlmagan hamyurtlarimiz: ”Tayanchlarning pastki qismi unchalik yaxshi ahvolda emasligi tasvirlardan yaqqol koʻrinib turibdi-ku", — deb izoh berishmoqdalar. Mutaxassislar, tashvishlanishga umuman hojati yoʻq, deb ishontirmoqdalar. Sababi, quruvchilar tomonidan mazkur koʻprik tayanch poydevorlari konstruksiyasiga diametri 1500 mm. boʻlgan, hamda 41 metr chuqurlikka botirilgan, burgʻilab-qoqiluvchi temirbeton qoziqlar qoqilganligini aytib oʻtmoqdalar.

Keltirilgan fototasvirlarda tayanch poydevori kallagi (nasadkasi) ostida aynan burgʻilab-qoqiluvchi qoziqning betonlangan skvajinasi koʻrinib turibdi. Qoʻllanilgan qurilish texnologiyasiga muvofiq, tayanchlarni balandlik boʻyicha joylashtirishda kanaldagi eng baland suv sathi eʼtiborga olingan. Bunda burgʻilab-qoqiluvchi qoziqning armaturalangan qobigʻi ham mavjud boʻlib, u tayanchning yuk koʻtaruvchanlik qobiliyatiga hech qanday taʼsir koʻrsata olmaydi. U faqat meʼmoriy-estetik koʻrinish berish uchungina moʻljallangan. Mazkur qobiq suvning eng past sathidan kelib chiqib bajarilgan. Biroq fototasvirdan koʻrinib turibdiki, suv sathi oʻzining loyihada koʻzda tutilgan minimal sathidan ham pastroq tushgan, oqibatda sirti notekis, beton ustunining tanasi ochilib qolgan. Yuqorida keltirilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, taʼkidlash mumkinki, mazkur piyodalar koʻprigi hech qanday xavf-xatar tugʻdirmaydi, foydalanish uchun yaroqli holatda.

Maʼlumot uchun: burgʻilab-qoqiluvchi qoziqlarni oʻrnatish texnologiyasiga koʻra, burgʻilash ishlari quyidagi tarzda olib boriladi: Gruntga, gʻilof vazifasini bajaradigan, qobiq quvurlar (obsadnaya truba) botiriladi, soʻngra mexanizm choʻmichi vositasida quvur ichidagi tuproq kavlab olib tashlanadi, hamda loyihada koʻrsatilgan sathgacha botiriladi, quvur ichida vujudga kelgan, skvajinaga (boʻshliqqa) bor chuquriligi boʻylab metallardan toʻqilgan karkas tushiriladi, ish yakunida esa mazkur boʻshliq monolit beton bilan zichlab toʻldiriladi. Betonni quyish paytida qobiq-quvurlar sugʻurib olinadi. Grunt strukturasidan kelib chiqqan holda, qobiq-quvurlar skvajina ichidan sugʻurib olingach, skvajinaning sirti tep-tekis boʻlmaydi. Beton joylash jarayonida notekis sirt vujudga kelib, paydo boʻlayotgan skvajina bekamu koʻst darajada silliq shaklda boʻlmay, meʼmoriy-estetik jihatdan bejirim boʻlishining imkoni yoʻq. Skvajina konstruksiyasi tayanch zaminida oʻrnashgan boʻlib, qoidaga koʻra, suv yoki yer sathidan pastroq botirilgan boʻlmogʻi lozim" deyiladi unda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?