Xavfsiz sayohat kafolatlanadi: Oʻzbekiston buni qanday amalga oshirmoqchi?

14:27 25 Iyun 2020 Siyosat
358 0

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi murakkab jarayonda iqtisodiyotni pandemiya sharoitida barqaror ishlashga moslashtirgan, aholining yaratuvchanlik qobiliyatini toʻgʻri yoʻnaltirgan mamlakatlargina katta yoʻqotishlarga duch kelmasligi mumkin. Bu borada Oʻzbekistonda ham imkoniyatlar yetarlicha. Ayniqsa, turizmni rivojlantirish orqali salmoqli natijalarga erishish mumkin. Bu bilan nafaqat sohaning oʻzi, balki unga xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish, transport, chakana savdo kabi yoʻldosh tarmoqlarda ham ish joylari tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ham yuqoridagi maqsadlarga xizmat qiladi.

3 ta aeroport “Ochiq osmon” rejimiga oʻtadi

Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrga qadar mehmonxonaga berilgan toifa saqlangan taqdirda, tegishli yil yakuniga koʻra ulardan toifasi uchun undirilgan yigʻim summasining 50 foizi oʻzlariga qaytariladi. Ushbu imtiyoz orqali 29 ta toifaga ega mehmonxonaning 3 milliard soʻmga yaqin mablagʻi oʻz ixtiyorida qolishi kutilmoqda.

2020-yil 1-avgustdan boshlab reyslar soni va yoʻnalishlari boʻyicha cheklovlar bekor qilinib, xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi havo erkinligini nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi. Bu esa, oʻz navbatida, yurtimiz aeroportlarining jozibadorligini yana-da oshirib, mintaqadagi «xab» aeroportlarga aylanishiga zamin yaratadi.

Yana bir jihat: bugungacha xalqaro parvozlar ikki tomonlama bitim asosida amalga oshirilgan. Yaʼni, deylik, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AK Turkiyaga ikkita aviareysni amalga oshiradigan boʻlsa, ular ham shuncha miqdorda reyslarni yoʻlga qoʻyishi mumkin edi. Endilikda yuqoridagi qaror bilan bunday cheklovlar olib tashlanib, xalqaro aviakompaniyalar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi.

Qaror bilan investorlar 2023-yil 31-dekabrga qadar yangi dor yoʻllarini qurib foydalanishga topshirsa, xarajatlarining bir qismi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi. Bunda har bir 500 metr yoʻl uchun 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi. Xuddi shunday, turistik zona va qishloq joylarda tadbirkorlarning namunaviy loyihalari asosida yengil konstruksiyali oʻtovlar, konteynerlar, sendvich panellarni qurish xarajatlarining bir qismi ham Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Bunda har bir joy uchun 5 million soʻmgacha miqdorda mablagʻ ajratiladi.

Endi gidlar ham oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sanaladi

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda yurtimizda sertifikatga ega ming nafardan ziyod gid faoliyat yuritadi. “Turizm toʻgʻrisida”gi qonunda gidlarning huquq va majburiyatlari kafolatlangan boʻlsa-da, ish bilan bandlik, ish staji va pensiya hisobi masalalari ochiq qolayotgan edi. Endilikda, gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar roʻyxatiga kiritilishi ham ularga katta imkoniyatlar yaratadi. Xususan, bu bilan sohaga qiziquvchi yoshlar soni, chet tillarini, mamlakatimiz tarixini oʻrganishga boʻlgan talab ortadi.

Oʻzbekistonda ham nodavlat muzey va galereyalar ish boshlaydigan kunlar yaqin. Chunki mazkur qarorga asosan, 2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi. Bu, albatta, xizmatlar bozorida yangi turlarning paydo boʻlishi va sogʻlom raqobatga imkon yaratadi.

Turistlarga pul toʻlanadi. Nega?

Albatta, yurtimizga kelayotgan sayyohlarning salomatligini asrash ham dolzarb masala. Ana shu maqsadda “Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN” (“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED”) sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi joriy etilmoqda.

Turoperatorlar tomonidan xorijiy turistlarga xizmat koʻrsatish karantin davrida faqat ushbu tizimning xavfsiz obyektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma obyektlarida tashkil qilinadi. Turistlarga xizmat koʻrsatuvchi obyektlarda tizim majburiy tartibda joriy etiladi.

Shuningdek, qarorga muvofiq, dunyoda birinchi marta Oʻzbekistonda yangi amaliyot joriy qilinyapti. Yaʼni, Oʻzbekiston hududida tashkil etilgan sayohat davomida xorijiy turistlar koronavirus (COVID-19) infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga 3 ming AQSH dollari miqdorida kompensatsiya toʻlab beriladi.

Chegaralarda “Fast track” xizmati joriy etiladi

“Zahiriddin Muhammad Bobur” nomidagi xalqaro aeroportga xush kelibsiz!” Yaqin kelajakda Andijonga borsangiz, aeroportda sizni ana shunday kalom bilan kutib olishadi. Gap shundaki, yuqoridagi qaror bilan “Andijon” xalqaro aeroportiga “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomi berildi. Mamlakatimizning boshqa xalqaro aeroportlarini nomlash uchun ommaviy tanlov eʼlon qilinadi.

Qaror bilan sayyohlarga chegaralardan oʻtish jarayonida maksimal qulayliklarni nazarda tutuvchi koʻplab yangiliklar joriy etilmoqda. Jumladan, 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Gʻishtkoʻprik” va «Hayraton» xalqaro nazorat-oʻtkazish punktlarida mavjud infratuzilma doirasida chegaradan tezkor oʻtish mexanizmlari — “Fast track” xizmati joriy etiladi. U pullik asosda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi, Toʻdakoʻl koʻli hududida turistik zona, Zomin tumanida umummavsumiy, qishki va yozgi dam olish maskanlari tashkil etiladi. “Piyoda turistik marshrut”, “Oʻzbekiston — umidli va shifobaxsh zamin” (“Uzbekistan — hope and healing land”), “Clean&Eco” loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, mazkur hujjatda turizmni rivojlantirish misolida bugungidek murakkab sharoitlarda ishlash koʻnikmasini shakllantirish, kam resurs va mablagʻ sarflab, koʻproq natijaga erishish va bu orqali aholini barqaror daromad bilan taʼminlash boʻyicha yana koʻplab chora-tadbirlar oʻrin olgan. Ularning ijrosi tadbirkorlarga, aholining keng qatlamlariga yangi faoliyat turlari bilan shugʻullanish, yangi sayyohlik marshrutlarini ochish, “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi”, “Turizm ovuli” orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga sharoit yaratadi.

Jamshid QOSIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzMTDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?